

"Ertangi o'yin jamoamiz uchun juda katta ahamiyatga ega. "Al Nassr" - Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo'lib, tarkibida ko'plab nomdor futbolchilar jamlangan. Bahsga etarlicha tayyorgarlik ko'rdik. Ertaga stadionga keladigan muxlislarimizni xursand qilish uchun qo'limizdan kelgan barcha harakatni qilamiz", - deya fikr bildirdi Muhammadrasul Abdumajidov.
- Mavsum oxirida murabbiylar ham, futbolchilar ham tig'iz taqvim va charchoqdan shikoyat qilishmoqda. Futbolchi sifatida bunday zich taqvim sizni toliqtirib qo'ymayaptimi yoki ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish yoqyaptimi?
- Tabiiyki, futbolchi har doim mashg'ulotlardan ko'ra rasmiy o'yinlarda qatnashishni afzal ko'radi. Lekin doimiy parvozlar va og'ir safarlar jismoniy jihatdan kuchli ta’sir qiladi. Xohish qanchalik yuqori bo'lmasin, organizm baribir charchaydi. Bizda Yevropadagi kabi yuqori tiklanish sharoitlari to'liq yo'lga qo'yilmaganini bilasiz. Shunga qaramay, shifokorlar va murabbiylar yordamida tezroq tiklanib, har bir uchrashuvga tayyor bo'lishga harakat qilyapmiz.
- "Al Nassr"ga qarshi tayyorgarlik jarayonida shaxsan o'zingiz yoki murabbiylar bilan birga Ronalduni to'xtatib qolish bo'yicha alohida reja ishlab chiqqanmidingiz?
- Ronaldu - dunyo futbolida juda katta shaxs va buyuk ijrochi. Unga qarshi qandaydir maxsus taktika tuzilmagan bo'lsa-da, ruhiy jihatdan tayyorlanish kerakligini bilardik. Uning maydonda bo'lishi himoyachilarga ikki karra katta bosim yuklaydi. U kelmagani bois bu bosim biroz engillashdi, lekin raqibning boshqa futbolchilari ham kuchli bo'lgani sababli o'yin biz uchun oson kechmaydi.




