"Eldor Shomurodovning ortidan ko'plab o'zbekistonlik futbolchilar Yevropa klublari nazariga tushmoqda". Estoniyada to'p tepayotgan Abubakr Mo'ydinov bilan intervyu

Aslanov Jasurbek
6 apr 2021
Yevropa mamlakatlarida o'ynayotgan o'zbekistonlik futbolchilarni izlashda davom etamiz.

O'tgan oyda Gruziya va Litva chempionatida to'p tepayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni e'tiboringizga havola qilgan edik. Biz bu bilan to'xtab qolganimiz yo'q. Endigi navbat yaqinda Estoniyaning "Vilyandi Tulevik" klubi a'zosiga aylangan Abubakr Mo'ydinovga. Yevropa klublarida o'zbekistonlik futbolchilarning soni ortayotgani quvonarli, albatta. Ayniqsa, so'nggi yillarda Polsha, Ukraina, Belarus, Litva, Italiya klublarida o'zbekistonlik futbolchilarni uchratish hammamiz uchun yoqimlidir. Yaqinda Abubakr Mo'ydinovni suhbatga chorlash asnosida o'zimizni qiziqtirgan savollarga ham javob oldik.

Ma'lumot o'rnida takidlash joiz, suhbatdoshimiz "Bunyodkor" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2019 yilning sentyabrida BAAning "Al Nasr" jamoasiga yo'l olgan futbolchi ma'lum sabablarga ko'ra to'p tepa olmagan. Shundan so'ng 2020 yilning yanvar oyida Portugaliya yoshlar ligasi vakili hisoblangan "Leixoes" jamoasiga o'tdi. Abubakr Mo'ydinov 2016 yil Hindistonning Goa shtati mezbonlik qilgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etgan, o'shanda jamoga Temur Olimxo'jaev ustozlik qilgan edi. 

- Abubakr siz bilan so'nggi marotaba "Al Nasr"ga o'tganingizda suhbatlashgan edik. Shundan so'ng orada ma'lum vaqt Portugaliyada ham bo'ldingiz. Mana shu ikki klubdagi faoliyatingiz qanday o'tgani nafaqat bizga, balki muxlislarga ham qiziq...

- Dubayda hujjatlar va qog'ozlar bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgani sababli o'ynay olmadim. U erda faqat mashg'ulotlar bilan cheklandim, xolos. Portugaliya klubi bilan esa yanvar oyida shartnoma imzoladim. Jamoa safida bir nechta o'yinlarda maydonga tushdim. Fevral oyida esa butun dunyoda futbol uchrashuvlari to'xtatildi. Shu bilan mashg'ulotlarga avgust oyida qaytdik. Bu pallaga kelib, klubda ko'p narsalar o'zgarib ketgandi. Jamoani aksariyat futbolchilar tark etishdi. Eski futbolchilardan 5 nafari qolgandi. Yil yakunida barchamiz o'zimizga boshqa jamoalar topishga qaror qildik. 

- Avvallari futbol jamoatchiligi orasida o'zbekistonlik futbolchilar Yevropaga kyetishga qiynalyapti, degan fikr yurar edi. Lekin oxirgi mavsumlarda ko'ryapmizki, Yevropaning qator chempionatlarida ham biznikilarning safi kengayib bormoqda. Buning sababi futbolimiz o'zgarganidami yoki agentlarning ko'payganida?

- Menimcha, bu jarayonlarda agentlarning qo'li bor, deb o'ylayman. Agent bo'lmasa, hech kim hech qaysi jamoaga bora olmaydi. Shuningdek, bunda Eldor Shomurodovning ham hissasi bor. U Italiyada o'zining yaxshi o'yinlari bilan ko'pchilikni o'z ortidan ergashtira oldi. Natijada o'zbekistonlik futbolchilar Yevropa klublarining nazariga tushmoqda.

(Abubakr Mo'ydinov 17- raqamda)

- O'z vaqtida xalqaro maydonda o'zini ko'rsatgan yosh futbolchilarimizga ko'plab kuchli klublardan takliflar kelib tushgan. Lekin aksariyat hollarda klublar qo'yib yuborishmas yoki ko'rikdan o'tkazib ortga qaytarardi. Bugungi kunda esa vaziyat ancha o'zgargan. Bu borada fikringiz qanday? 

- Chunki bizda futbolchilarga katta narx qo'yishadi. Portugaliyada ko'rsangiz, ko'plab braziliyalik futbolchilar tekinga kelishadi. Boisi ular kelajakda terma jamoaga yordam bera olishlarini bilishadi. Portugaliyaning "Yevropa Braziliyasi" deyilishi bejizga emas.

- Estoniyaning "Vilyandi Tulevik" klubiga o'tishingiz qanday bo'ldi? Ushbu mamlakat futboli haqida nimalarni bilar edingiz va borganingizdan so'ng qanday taassurotlar uyg'ondi?

- Agentlarim Estoniya, Avstriya, Malta kabi chempionatlardan takliflar borligini aytishdi. Men esa yakunda Estoniya variantini tanladim. "Vilyandi Tulevik"da Portugaliyada birga o'ynagan do'stim bor. O'shandan klub haqida so'rab ma'lumotlarga ega bo'lgandim. Taqdir ekan, yana birga to'p tepmoqdamiz.

- Jamoadagi mashg'ulotlar jarayoni, futbolga munosabat, muhit Yevropa darajasidami?

- Gap bo'lishi mumkin emas. To'g'risi, hammasi a'lo darajada.

- Bo'lg'usidagi rejalaringizdan O'zbekiston chempionatida to'p tepish o'rin olganmi? 

- Rostini aytganda, rejamda O'zbekistonda o'ynash niyat yo'q. Faoliyatimni xorijda yakunlashni maqsad qilganman.

- Gohida klublarda rahbarlar yoki skautlar futbolchini olib kelishadi. Lekin u murabbiyga maqul kelmaydi. Natijada futbolchi zaxirada o'tiradi yoki ijaraga boshqa jamoaga beriladi. Shu bois bosh murabbiy bilan kelajagingiz haqida suhbatlashdingizmi? U sizdan nimani istamoqda va talab qilmoqda?

- Portugaliya klubidan kelgan ilk kunimning ertasiyoq jamoa bosh murabbiyi chaqirdi. Uning o'zi meni jamoaga taklif qilganini, o'yin uslubiga to'g'ri kelishimni aytdi. Haqiqatan ham ko'p narsa murabbiyga bog'liq. 

"Vilyandi Tulevik"da sizni qanday qabul qilishdi?

- Jamoada tanish do'stlarim ko'p. Shuning uchun moslashish qiyin bo'lmadi. Mashg'ulot jarayonida tizzamdan jarohat oldim. Uning orasida koronavirus bilan kasallandim. Mana endi-endi mashg'ulotlarga qo'shildim. Sport formamga kirib olishim uchun harakatdaman.

- Legionerga aylanganingizdan so'ng o'zingizda qanday o'zgarishlarni sezdingiz?

- Masalan, Portugaliyada ko'p narsani o'rgandim, deya olaman. Futbolga bo'lgan qarashim, munosabatim o'zgardi. U erda faqat natija talab qilishadi. Jamoa yoshmi yoki kattami, natija bo'lmasa, almashtirishlarini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Futbolda muhimi natija ekan.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia