Javohir Ro'ziev: "Buxoro"ni "Atletiko"ga o'xshataman, birinchi maoshim 100 dollar bo'lgan"

7 noya 2026, 01:15
"Buxoro" jamoasida bu mavsum Javohir Ro'ziev muhim figura bo'lib gavdalanmoqda.

Yarim himoyachi jamoasining o'yin tashkil qilishida asosiy rolni o'ynaydi. Garchi u o'tgan mavsumdan ko'proq ko'zga tashlana boshlagan bo'lsada, joriy yilda yanada yaxshiroq tanila boshladi. Javohir Ro'ziev bilan intervyu o'tayotgan Superliga, imkoniyatlar va boshqa mavzularni o'z ichiga oldi.

- Bu yilgi mavsum faoliyatingizda qaysi jihatlarda burilish yasamoqda?
- Bu yilgi mavsum faoliyatimda juda katta burilish yasadi, yani o'zimga ishonch, qatiyat va taslim bo'lmaslikni o'rgatdi. Hali yana oldinda aniq bo'lmagan jihatlar bor, lekin bu yilgi mavsum keyingi yildagi faoliyatim uchun katta yo'l ochadi, deb o'ylayman.

​- Maydonda jamoa o'yini qovushmayotgan daqiqalarda yetakchilikni o'z zimmangizga olish qarori qanday qabul qilinadi - bu murabbiy ko'rsatmasimi yoki ichki instinkt? Siz maydonga tushmagan paytlarda "Buxoro"ning o'yini qovushmay, siz bilan boshqacha jamoaga aylanadi...
- Men doim jamoamga yordam berishni va liderlar qatorida bo'lishni xohlayman. Shu sabab jamoam qiynalayotgan paytda og'ir vaziyatlarni o'z qo'limga olishga harakat qilaman. To'g'ri, murabbiyning ham o'rni bor, albatta - bu uning menga bo'lgan ishonchidir. Men o'z ishimni doim keragidan ortiq bajarishga harakat qilaman.

​- 2026 yilgi mavsumga orqaga qarab baho bersangiz, bu yilni faoliyatingizda qanday eslashni xohlardingiz?
- 2026 yilgi mavsum men uchun unutilmas va sinovlarga boy mavsum bo'ldi. Bu yil ko'p narsalarni boshdan kechirdim: yaxshi kunlar ham, qiyin davrlar ham bo'ldi. Ayniqsa, jarohat sababli maydondan uzoqda qolish men uchun oson bo'lmadi. Lekin bu davr menga sabr qilishni, kuchli bo'lishni va hech qachon taslim bo'lmaslikni o'rgatdi. Har bir qiyinchilikdan katta tajriba oldim.
​Eng muhimi, futbolga bo'lgan Ishtiyoqim va maqsadlarim o'zgarmadi. Bu mavsum menga katta saboq berdi va keyingi yil uchun yanada kuchli motivaciya bag'ishladi. Ushbu mavsumni men "qiyin yo'ldan kechib o'tish" deb eslashni xohlardim.

​- Xomyakovning mashg'ulotlardagi qatiyatli talablarini bilaman. Uning birgina nigohi yoki so'zi bilan jamoa kayfiyatini o'zgartira olish qobiliyati nimada? Unga qanday tarif berasiz?
- Homyaqov talabchan va qatiyatli murabbiy. U har bir futbolchidan intizom va maksimal darajada mehnat qilishni talab qiladi. Menga uning eng yoqadigan jihati - birgina nigohi yoki bir og'iz so'zi bilan jamoani ruhlantira olishi. U futbolchilarni bir maqsad atrofida birlashtira oladi. Menimcha, u nafaqat taktik jihatdan, balki psixologik tomondan ham kuchli murabbiy. Undan o'rganiladigan jihatlar juda ko'p.

​- Tezlikmi yoki maydonni ko'ra olish qobiliyati? O'zingiz futbolda qaysi birini ustun qo'yasiz?
- Menimcha, futbolda maydonni ko'ra olish qobiliyati tezlikdan ustunroq. Chunki tezlik bu jismoniy ustunlik, maydonni ko'ra olish esa asl futbol tafakkuridir. Tezkor qaror qabul qilish, sheriklarni vaqtida ko'rish va o'yinni oldindan his qilish har qanday vaziyatda katta ahamiyatga ega.
​O'zimga kelsak, men hozirda tezlikka ham e'tibor qarataman, chunki maydonni ko'rish vaqt o'tishi bilan tajriba orqali keladi.

​- Qaysi o'rin "Buxoro" uchun mavsum yaxshi o'tganini bildiradi?
- Men o'ylaymanki, ko'rsatgan mehnatimiz va harakatimizdan kelib chiqib, biz kuchli 5 talikka loyiqmiz. Lekin "Buxoro" ning o'tgan yilgi mavsumlari bilan taqqoslagan holda, agar 8 talikka kirsak ham, buxorolik muxlislar xursand bo'lishadi.
​
​- Bir yilda nechta butsa almashtirasiz?
- Bir yilda, vaziyatiga qarab, 2 ta, ko'pi bilan 3 ta butsa almashtiraman.

​- Birinchi maoshingiz qancha bo'lgan?
- Birinchi maoshim 1 million 200 ming so'm bo'lgan. Bu o'sha paytdagi ekvivalentda taxminan 100 dollar atrofida edi.

​- Siz o'yinlarini ko'rgan, poziciyangizdan kelib chiqib eng kuchli futbolchi kim?
- Men doim maydondagi qora ish va mehnatni qadrlayman. Shu sababli Rodrini eng kuchlilardan deb bilaman - u maydonda juda ko'p qora ish bajaradi va mehnat qiladi.

- ​"Buxoro" ni xorijdan qaysi jamoaga o'xshatish mumkin?
- Joriy mavsumdagi o'yinlarimiz, qiyin bahslar, oxirigacha kurashishlar, jamoaviy hamjihatlik va himoyadagi ishonchli harakatlardan kelib chiqib, jamoamni "Atletiko Madrid"ga o'xshataman. Lekin bazi jihatlari bilan "Aston Villa"ni ham eslatib yuborishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia