

2023 yilgi U-17 Jahon chempionatida o'zini ko'rsatgan Behruz Shukurullaev bu yil termizliklar tarkibida o'z o'rniga ega bo'ldi. Biz esa unga ayrim savollar bilan yuzlandik.
- Bir jamoada bitta paytda 3 nafar Behruz ismli futbolchilar o'ynagan paytlar ham bo'ldi. Sizni nima deb chaqirishar edi?
- Barchamizni familyamiz bilan chaqirishgan. Lekin meni ko'proq “Kozak” deb atashadi. Chunki ilk bor "Paxtakor" mashg'ulotiga Vladimir Kozakning formasini kiyib borganman. Shundan so'ng Kozak bo'lib ketdim, bor gap shu.
- 2023 yil Indoneziya mezbonlik qilgan U-17 Jahon chempionatida Angliyani musobaqadan chiqarib yuborgansizlar. Kichik mundialdan qanday xotiralar qolgan?
- Esingizda bo'lsa, startda Mali terma jamoasiga 0:3 hisobida mag'lubiyatga uchragan edik. Shundan so'ng Kanadani yutdik, Ispaniya bilan qiyin durang o'ynadik. Bu Angliya bilan o'yin oldidan ancha yuqori ishonch bergan. Hech kimdan qo'rqmaganmiz. Katta stadionlarda, muxlislar oldida o'ynash boshqacha hissiyot edi. Bir umr esdan chiqmaydigan taassurotlar bilan qaytganmiz.

– Joriy mavsumda jamoa tarkibida ko'proq maydonga tusha boshladingiz. Umuman olganda, bu yilgi mavsum taassurotlari siz uchun qanday kechmoqda?
– Taassurotlarim juda ijobiy. Ushbu mavsumda maydonda ko'proq vaqt o'tkazayotganimdan xursandman. Tabiiyki, jamoamiz tarkibi sezilarli darajada yoshardi. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilib, mavsum oxirigacha mazmunli va jozibador futbol ko'rsatishga harakat qilamiz. Asosiy maqsadimiz – turnir jadvalida iloji boricha yuqoriroq o'rinlarni egallash.
– Jamoaning yosharishi o'yin suratiga qanday ta’sir ko'rsatmoqda? Murabbiylar shtabining yosh futbolchilarga ko'rsatayotgan yordami haqida nima deya olasiz?
– Tarkibning yoshargani evaziga har bir yosh futbolchi maydonda bor kuchini berib, o'zini ko'rsatishga intilmoqda. Jamoamizning tajribali a'zolari, Anvar G'ofurov va butun murabbiylar shtabimiz bizga to'g'ri yo'nalish berib, har tomonlama ko'maklashishmoqda. Muammolar va qiyinchiliklar deyarli barcha jamoalarda uchraydi, ammo bizning burchimiz – maydonga chiqib, chiroyli o'yin ko'rsatish va muxlislarimizga quvonch ulashishdir. Hammasi yaxshi bo'lishiga ishonamiz.
– Jamoaning maydondagi taktik uslubi va o'yin falsafasi asosan nimaga qaratilgan?
– Jamoamiz asosan to'pni nazorat qilish va o'yinga egalik qilishga urg'u beradi. To'pga ko'proq egalik qilgan jamoa kamroq yuguradi va kamroq charchaydi. Bunday o'yin uslubi biz uchun ham ancha qulay. Xudo xohlasa, hujumda ko'proq gol ursak, himoyada esa darvozamiz daxlsizligini oxirigacha saqlab qolishga harakat qilamiz.
– Behruz Karimovning Shveytsariyaning "Lugano" klubiga o'tishi jamoa va shaxsan siz uchun qanday ahamiyatga ega bo'ldi?
– Behruz Karimovning qisqa vaqt ichida "Lugano" klubiga transfer qilingani hammamizni juda xursand qildi va o'ziga hos turtki bo'ldi. Unga kelgusi faoliyatida omad tilaymiz va kelajakda bundan ham nomdor klublarda o'ynashiga ishonamiz. Bu transfer "Surxon" uchun ham juda katta ijobiy ko'rsatkich bo'ldi. Bu orqali jamoamizga bo'lgan e'tibor va qiziqish yanada ortadi, bu esa har birimizni yanada ko'proq mehnat qilishga va o'z salohiyatimizni ko'rsatishga undaydi.

– Shaxsiy maqsadlaringiz, kumiringiz va poziciyangiz bo'yicha qaysi futbolchini o'zingizga o'rnak hisoblaysiz?
– Kelajakda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, Milliy terma jamoamizda o'ynash va top-5 chempionatlariga yo'l olish eng katta niyatimdir. Maydonda himoyachi bo'lib harakat qilsam-da, shaxsiy kumirim va menga eng yoqadigan futbolchi – Krishtianu Ronaldu. O'zimning poziciyamga keladigan bo'lsak, Pau Kubarsining o'yiniga havas qilaman. Unga qarshi U-17 Jahon chempionatida ham maydonga tushgan edik.



