Eldor Moyliev: "Maqsadimiz – omadi kelmagan futbolchilarga ikkinchi imkoniyat berish"

Оқил Абдубарноев
1 iyun 2026, 00:13
Proliganing 8-turidan o'rin olgan "Lochin" - "BuxDU" (4:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Eldor Moyliev fikrlarini bildirdi.

– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz qanday?

– Avvalo, yutuq uchun yigitlarga kattakon rahmat. Aytilgan ko'rsatmalarni to'liq bajarishdi. Umuman olganda, bizda tayyorgarlik uchun etarlicha vaqt bo'ldi. Bir haftalik reja bo'yicha ishladik. "BuxDU"ning kuchli va kuchsiz taraflarini o'rganib chiqib, bo'sh nuqtalarini bilardik, qayerdan hujum qilishni kelishib olgandik. Shuning uchun yigitlarga rahmat, hamma aytilgan narsalarni bajarishdi. O'yin nazoratimiz ostida o'tdi. Ikkinchi bo'limda zaxiradan tushgan o'yinchilar o'yinni yana kuchaytirishdi. Asosiy rejalarimiz shundan iborat edi.

– "Lochin" jamoasining to'plar nisbatiga qaraydigan bo'lsak, 10–9. Darvozabonlar masalasi qanday? Raqobat yoki qandaydir tajriba yetishmasligi bormi yoxud himoyada muammolar bormi?

– Bizda to'plar nisbati 10 ga 9 emas, adashmasam, statistika bo'yicha 5 ta gol o'tkazib yuborganmiz. Adashmayapmanmi? Beshta gol o'tkazib yuborgan bo'lsak, shuning 4 tasini standart vaziyatdan o'tkazib yuborganmiz. Darvozabonlar bo'yicha aytadigan bo'lsam, ikkala darvozabonimizga ham 100 foiz ishonamiz. Himoya chizig'imiz ham, darvozabonlarimiz ham yaxshi o'yin ko'rsatyapti. Bizda gol urishda muammolar bor edi, kam gol urayotgan edik, bugun shuni bartaraf etdik.

– Aynan o'zingiz ta'kidlab o'tganingizdek, ikkinchi taym boshida bir-ikkita xavfli vaziyatlar bo'ldi, ammo gol bo'lmadi. O'zgarishni birinchi bo'lib amalga oshirganingizdan keyin xavfli vaziyatlar ketma-ket golga aylana boshladi. "BuxDU" jamoasi jismonan charchadi deb hisobladingizmi yoki o'zingizning alohida rejangiz bormidi?

– Rejalarimiz bo'yicha jismoniy baquvvat futbolchilarni maydonga tushirdik. Qolaversa, bilardikki, "BuxDU" jamoasining yil boshidagi tayyorgarligi reja bo'yicha o'tmagan. Kech yig'ilishgani sababli 70-daqiqadan keyin charchab qolishlarini taxmin qilgandik. Shu omil ham bizga yordam berdi deyishimiz mumkin.

– Bugungi bellashuvda qaydnomada faqatgina, adashmasam, bir nafar darvozabon o'rin olgandi. Qolgan darvozabonlar haqida ma'lumot bersangiz.

– Bizda ikkita darvozabon bor. O'tgan turnir doirasida "Dinamo" bilan bo'lgan o'yinda asosiy darvozabonimiz qizil kartochka olgandi. Shu sababli qaydnomaga faqat bir darvozabonimizni kiritishga majbur bo'ldik.

– Bugungi dim ob-havo o'yin sifatiga qanday ta’sir ko'rsatdi?

– Yoz fasli kelyapti, har doim shunaqa dim bo'ladi. Xohlardikki, o'yinlar sal kechroq vaqtda o'tsa, yanada chiroyli o'yin ko'rsatishga imkon bo'lardi. Albatta, bunaqa issiq havoda yuqori sifatli darajadagi futbol namoyish etish qiyin. Bunday ob-havo ikkala jamoaga ham qiyinchilik tug'dirdi, deb o'ylayman.

– "Lochin" jamoasi bizga o'tgan yilgi kubok bahslarida amaldagi chempionni musobaqadan chiqarib yuborishi bilan yaxshi tanish edi. "Lochin"ning bu yilgi rejalari qanday? Kuchli uchtalikka harakat qiladimi?

– Bizga har doim shu savol berilyapti. Rektor Dilmurod Nabievga rahmat, shunaqa jamoa tashkil qilib berdilar. Asosiy maqsadimiz – omadi kelmagan futbolchilarga ikkinchi imkoniyat berish. Ularga shu imkoniyatni yaratib, o'zlarini ko'rsatsa, Superliga darajasidagi futbolchilar qilib tayyorlash. Va albatta, har bir o'yinda chiroyli harakatlar bilan muxlislarni xursand qilish – eng asosiy maqsadimizdir.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia