

O'yindan keyin "Lochin" bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv qiyin o'tishini bilardik. "Olimpik Mobiuz"ni yaxshi bilamiz, jamoada mehnatkash futbolchilar yig'ilgan. 3:1 hisobida yutayotganimizda ham hushyorlikni yo'qotmadik. Raqib keyinchalik yana bitta gol urdi, biz esa to'p nazoratiga o'tdik. Qiyin o'yin bo'ldi, ham havoyam issiq bo'ldi. G'alaba qozonganimiz uchun futbolchilarga rahmat aytaman.
- Yozgi tanaffusda jamoangizga uch nafar futbolchi kelib qo'shildi. Har uchala futbolchi bugun maydonga tushib o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Transferlardan qanchalik ko'nglingiz to'ldi?
- Etti nafar futbolchi biz bilan xayrlashdi. Ularga yaxshi taklif bo'ldi, biz ham yo'q demadik. Hozirgi qo'shilganlar "Sho'rtan", "Buxoro", "Nasaf" kabi yaxshi jamoalardan kelgan. Bu futbolchilarni yoshligidan bilaman, ularda o'yin amaliyoti kam edi, nasib qilsa bizda ko'p o'yinlarni o'tkazishadi.
- Abduvohid Oxtoev asli hujumchi, lekin sizning qo'l ostingizda turli chiziqlarda harakat qilyapti.
- Oxtoev yaxshi xushchaqchaq yigit. U hujumda ham, o'rtada va qanotlarda ham o'ynay oladi. Xarakteri ham yaxshi, qo'rqmasdan futbol o'ynaydi. Jamoada shunday futbolchi bo'lgani yaxshi. Unga yanada ko'proq imkon berishga harakat qilamiz.




