

"Bugun yigitlarning ishtiyoqi evaziga g'alaba qozondik. Qarshi hujumlarda omadimizni sinab ko'rish borasida tayyorgarlik ko'rgan edik. "Lokomotiv"ning o'yinlarini tahlil qilganimizda to'p bilan yaxshi muomala qilganini kuzatdik. Ko'p jamoalardan bu borada ustunlik qilgan. Shundan kelib chiqib o'yin uslubimizni qarshi hujumlarga moslashtirdik. O'ylagan rejalarimiz ish berdi. Bugungi g'alabani muxlislarimizga bag'ishlaymiz. Yigitlarga borini bergani uchun rahmat aytaman", - deydi Eldor Moyliev.
- Pro liga orqali maqsadga yetishish osonroqmi yoki kubok o'yinlari bilanmi?
- O'tgan safar aytganimdek asosiy maqsadimiz Superligaga futbolchilarni tayyorlab berish. Savolingizga kelsak, kubok o'yinlari orqali osonroq degan bo'lardim. Superliga jamoalari bilan o'yinlarda futbolchilar o'zlarini ko'rsatadi. Har bir mutaxassis o'yinlarni kuzatishini aytishim mumkin. Superliga klublariga qarshi o'zini ko'rsatsa osonroq bo'ladi.
- "Lochin" Pro ligada kuchli beshlikda. Lekin jamoada yaqqol to'purar yo'q. Buning sababi nimada?
- Biz jamoaviy o'yinni yo'lga qo'yapmiz. Hujumda ko'p o'ylagan narsalarimiz amalga oshayotgani yo'q. Hozirda har 4-5 kunda o'yin o'tkazilmoqda. Hujum chizig'idagi ishlanmalarga vaqtimiz ko'p ham bo'lmayapti.
- Ikkinchi bo'limda raqibga to'pni berib qo'yish gol o'tkazib yuborish xavfini ko'paytirmasmidi?
- "Lokomotiv" shunga majbur qildi. To'pni bergan bilan tartibli himoyalandik. Qarshi hujumda foydalanishga tezkor futbolchilarimiz bor edi. Imkoniyatlarimiz bo'ldi lekin texnik xatolar pand berdi.
- Hujumni yakunlashga tajriba yetishmayaptimi yoki boshqa sababi bormi?
- Forvardlarimiz asosan yoshlar. Ko'pchiligi hali Pro liga darajasida ham o'ynamagan. Tajriba kamligi sabab yakun o'xshamayapti. Hujumchilarimizga o'ziga bo'lgan ishonch va sovuqqonlik yetishmayapti.
- Bu g'alaba keyingi o'yinlarga qanchalik ishonch beradi?
- O'ylaymanki, bu g'alabadan so'ng yigitlarning o'ziga bo'lgan ishonchi ortadi.



