

- Farhod, "Surxon"ga qarshi bahs (0:0) haqida nima deya olasiz?
- "Surxon" bilan o'yinga keladigan bo'lsak, o'yin og'ir o'tishini bilardik. Shunga qarab tayyorgarlik ko'rgandik. Afsuski, durang bo'lib qoldi. O'zimizning vaziyatlardan foydalanganimizda, g'alaba qozonishimiz mumkin edi. "Surxon" ham yaxshi jamoa, hozirda yaxshi jamoaviy o'yin ko'rsatib kelmoqda.
- Umuman mavsum siz uchun qanday kechmoqda?
- Ushbu mavsumga keladigan bo'lsak, men uchun oson kechmayapti. Har bir o'yinda raqiblar ham kutilganidan ko'ra ko'proq muammolar tug'dirmoqda. Shunga qaramasdan, jamoadoshlarimiz bilan birga o'z muxlislarimiz uchun ijobiy natija ko'rsatishga harakat qilyapmiz.

- Siz va Nikola Kumburovich Superligada barcha o'yinda to'liq o'ynayapsizlar. Uzluksiz o'ynash qanchalik qiyin?
- Albatta, qiyin. Chunki ushbu mavsum taqvimi o'ta tig'iz bo'lmoqda. Shunga qaramasdan, murabbiylarimiz futbolchilarni o'yinlarga yuqori sport formasida tayyorlashmoqda. Qolaversa, jamoamiz murabbiylari mavsum davomida menga ishonch bildirayotganlari uchun o'z minnatdorchiligimni bildiraman.
- Ko'pchilik muxlislar sizni samarqandlik deydi. Shu rostmi?
- Muxlislar to'g'ri aytishibdi, men asli Samarqandda tug'ilganman. Futboldagi ilk saboqlarimni ham Samarqandning "Dinamo" klubida olganman.
- SofaScore bo'yicha bu yil Superligada eng ko'p 84 ta seyv qilgan darvozabonsiz. Bu statistikani ko'rdingizmi?
- Ha, qaysidir manoda hayron bo'ldim. Lekin aslida shaxsiy statistikalarga e'tibor qaratmayman. Har bir bellashuvda murabbiylarimning ishonchini oqlashga qo'limdan kelganicha harakat qilyapman.
- Darvoza ustuni va to'sini darvozabonlarga "do'st"mi yoki "dushman"?
- Qiziq savol. Bilasizmi, qaysidir o'yinlarda darvoza to'sini va ustuni bizga qarshi chiqishi mumkin, lekin, aksincha, kutilmagan vaziyatlarda bizga yordam berishi ham mumkin. Mening faoliyatim davomida ko'p bora ustun va to'sin bilan "do'st" bo'lib qolganmiz, desak ham bo'ladi.

- Jahonda qaysi darvozabonga havas qilasiz?
- Jahon futbolida ko'proq fransiyalik Ugo Lorisning harakatlarini kuzatib boraman. Qolaversa, Angliyaning "Arsenal" klubi posboni David Rayani ham.
- Nega aynan darvozabonlikni tanlagansiz?
- Tasodifiy voqea tufayli. 2012 yil Farg'onada bo'lib o'tgan musobaqaga tayyorgarlik vaqtida murabbiy darvoza tomon penalti tepgan va men uni qaytargandim. Shundan keyin murabbiy meni darvozabonga aylantirgan edi.



