

Qadrli Bosniya va Gertsegovina bolalari,
Sizlarga faqat bitta gapim bor.
Hech narsa imkonsiz emas.
Hech narsa.
Bosniyalik bo'lib tug'ilganimiz – bu bizning baxtimiz. Buni shunchaki o'z orzusiga erishgan inson sifatida emas, balki urushdan omon qolgan va butunlay boshqacha qismat egasi bo'lishi mumkin bo'lgan bolakay sifatida aytyapman.
Saraevo qamali haqida gapirishni unchalik xush ko'rmayman, ammo uning aslida qanday bo'lganini tushunishingiz juda muhim. U boshlanganda men olti yoshda edim. Birinchi sirena chalingani, onam meni bag'riga bosib, poyabzal javoni ortiga yashinganimiz hali ham yodimda. Bu birinchi kun edi. Dahshat to'rt yil davom etdi. Nimalar bo'layotganini to'liq anglamasdik, ammo har kunimiz qo'rquv ichida o'tardi. Uyimizda qolish o'ta xavfli bo'lib qolgach, bobom va buvimning kvartirasiga ko'chib o'tdik. U er taxminan 40 kvadrat metr edi. Biz 15 kishi edik – xolavachchalar, ammalar, tog'alar – hammamiz polda uxlardik.
Biz "Monopoliya" o'ynardik. Bu o'yinni bilasizmi? Tashqariga chiqish xavfli edi, chunki snayperlar shaharni o'rab olishgandi. Shuning uchun men va qarindoshlarim soatlab balkondagi polda o'tirib o'yin o'ynardik. Sirenalar va bombalar ovozini eshitardik. Bazida er qimirlab, "Monopoliya" toshlari pol bo'ylab sochilib ketardi.
Ammo qachonki o'ynasak, o'yinga shunchalik sho'ng'ib ketadigan lahzalar bo'lardiki, bir necha daqiqaga urushni unutardik.
Atrofimizda dunyo qulayotganini esdan chiqarardik.
Bir onga bo'lsa-da, shunchaki bola bo'lishga imkon topardik.
Tashqarida futbol o'ynashni juda qattiq xohlardik. Har kuni begunoh odamlarning tez yordam mashinalariga olib chiqilayotganini ko'rardik. Ammo bolani qanday qilib to'rt yil davomida ichkariga qamab qo'yish mumkin? Buning iloji yo'q va buni ota-onamiz ham bilishardi. Bazan-bazan, atrof biroz tinchigandek tuyulganda, onam eshikni ochardi va men mahalladagi boshqa bolalar bilan o'ynagani tashqariga chiqardim.
U eshikni ochgandagi nigohini hech qachon unutmayman. Yuzida kulinar-kulinmas tabassum bo'lardi, chunki mening o'ynayotganimni ko'rishdan baxtiyor edi. Keyin esa uning ko'zlariga boqardim va mening qaytib kelmasligimdan qanchalik xavotirda ekanini ko'rardim.

Vaqti-vaqti bilan barchamiz tashqariga chiqishga majbur edik. Suvimiz tez-tez tugab qolardi, shuning uchun chelaklarni olib, ularni to'ldirish uchun ko'chalardan birida navbatga turishimiz kerak edi. Liftlar ishlamasdi. Elektr yo'q edi. Shuning uchun piyoda yurardik. Uchinchi qavat... 4-qavat... yana oltitasi qoldi. Men o'shanda Saraevodagi jismonan eng baquvvat bola bo'lgan bo'lsam kerak. Oziq-ovqat topish ham mashaqqat edi. Ota-onalarimiz buning uchun o'z hayotlarini xavf ostiga qo'yishardi. Ammo bazida ovqatga to'la qutilar xuddi mo'jizadek osmondan tushardi. Biz ularni tushlik qutilarimiz deb atardik. Ular qayerdan kelganini bilmasdik va bu bizni qiziqtirmasdi ham. Ular harbiy racionlar edi. Biz uchun ular juda mazali edi. Har kuni bir xil narsa eganingizdan so'ng, yong'oqli yog' (peanut butter) osmondan tushgan nematdek tuyulardi.
Oxir-oqibat, biz omon qoldik. Ortga boqib, qanchalik kuchli bo'lganimizdan hayratlanaman. Biz shunchaki jajji bolakaylar edik. Ammo urushning hech qanday manosi yo'q edi. Shukur begunoh insonlar o'ldirildi, xo'sh, nima uchun?
Pul uchun. Hokimiyat. Manmanlik uchun.
Hech narsa uchun.
Bugungi kunda yangiliklarda urushni ko'rsam, ko'nglim ayniydi.
Ularni hech qayerda ko'rishni xohlamayman.
Negadir, kattalar bundan hech qachon xulosa chiqarmaydilar.

Qamal tugaganda men qariyb 10 yoshda edim. Futbolchi bo'lish rejam yo'q edi.
Bu shunchalik imkonsiz bo'lib tuyulardiki, bu haqda hatto orzu ham qilmasdim. Ko'ryapsizmi, hamma narsa vayron bo'lgandi. Bugun siz ko'rib turgan maysazor maydonlar u paytda kulga aylangandi. Men faqatgina futbolni yaxshi ko'rganim uchun o'ynashda davom etardim. Otam meni maktabdagi sport zaliga olib borardi va men dastlabki bir necha oy shu yerda shug'ullandim. Oxir-oqibat, maydonni tozalashdi va bu kuygan erlarga oq chiziqlar chiza boshlashdi.
O'sha paytda otamning ishi tort va non tarqatish edi, ammo men birinchi klubimga qo'shilganimda, u mashg'ulotlarga olib borish uchun ishidan tanaffus qilardi. Yo'lda u menga mehribon bo'lishni va odamlarning qayerdan kelgani yoki nima ish qilishidan qati nazar, barchaga birdek munosabatda bo'lishni uqtirardi. Men buni hech qachon unutmadim. U quyi ligalarda o'ynagan edi va mening qahramonim edi. Mashinadan har gal tushayotganimda u menga banan uzatib: "Omad, o'g'lim", – derdi.
Dam olish kunlari biz birgalikda televizorda futbol ko'rardik. (Bu onam bilan har kuni ko'radigan Meksika telenovellalaridan o'ziga xos kichik tanaffus edi). O'sha paytda A Seriya eng yaxshi liga edi. "Milan" hujumchisi Shevchenko haqida eshitganmisiz? Men "Sheva"ni yaxshi ko'rardim. Italiyani sevardim. Men uchun u dunyoning narigi chetidagi ertaknamo o'lkadek tuyulardi. U yerda futbol o'ynashni tasavvur ham qila olmasdim. Bu juda haqiqatdan yiroqdek edi. Bor umidim faqatgina o'z klubim – "Jeleznichar"ning asosiy jamoasida o'ynash edi. Murabbiylarimdan biri sochlarim sariq bo'lgani va ko'p gol urganim uchun meni Sheva deb chaqira boshladi. Men esa: "Zo'r, bu menga yoqdi", – deganman o'zimga-o'zim.

Keyin kunlarning birida, 19 yoshga to'lganimda, boshqa bir murabbiy kelib, meni Chexiyaga olib ketmoqchi ekanini aytdi. Men Bosniyadan ketishni istamasdim, ammo u menga u yerda orzuimga erishish uchun ko'proq imkoniyat bo'lishini tushuntirdi. Rostini aytsam, orzuim nima ekanligini o'zim ham bilmasdim. Shunchaki yanada kuchliroq bo'lishni xohlardim. O'zimga bo'lgan ishonchim baland edi. Tanamdagi eng kuchli a'zo – bu mening irodam edi. "Teplice"ga kelganimda, o'zimga shunday dedim: "Edin, sen bu yigitlardan ko'ra ko'proq mehnat qilishing kerak, aks holda ular seni haydab yuborishadi".
Ular meni 25 000 evroga sotib olishgandi.
Taxminan ikki yil o'tib, men "Volfsburg" bilan shartnoma imzoladim. "Milan"ga qarshi o'ynaganimizda, men Sheva bilan liboslarimizni almashdim.
Keyin "Manchester Siti" meni 37 millionga sotib oldi.
So'ng "Roma" safiga qo'shildim.
Men urush ichida katta bo'ldim. To'satdan esa ertakka tushib qolgandim.
Hech qachon, hech narsa imkonsiz emas.
Hatto Bosniyani Jahon chempionatiga olib chiqish ham.

2014 yil esingizdami? Sizlarning ko'pchiligingiz balki hali tug'ilmagan ham edingiz. Ammo biz birinchi marta Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritganimizda, bu hayotimizdagi eng buyuk kun bo'lgandi.
Litvadagi eski stadionda hal qiluvchi saralash o'yinini o'tkazganimiz esimda. Hakam o'yin yakunlanganini bildiruvchi hushtagini chalganida, bir guruh bosniyaliklar maydonga tushish uchun devorlardan oshib o'ta boshlashdi. Ammo devorlarning balandligi qariyb ikki metr edi va ular to'g'ri betonga sakrashlari kerak edi. Ortimga o'girilib, ularning biz tomon yugurib kelayotganini ko'rganim va "Xudoyim, bu yigitlar jinni bo'lgan", – deb o'ylaganim hamon yodimda.
Keyin boshqalardan biroz sekinroq yugurib kelayotgan bir kishiga ko'zim tushdi. U ko'zlarida yosh bilan men tomon oqsab kelardi.
Bu mening otam edi.
Men "Ota, nima bo'ldi?" dedim.
U: "Erga tushayotganda oyog'imni shikastlab oldim. Ammo xavotir olma. Hozir hech qanday og'riqni sezmayapman!" – dedi.
Biz shunchaki bir-birimizni quchoqlab, yig'ladik.
Afsuski, Braziliyada omad biz tomonda bo'lmadi. Siz buni eslay olmaysiz, lekin men Nigeriya darvozasiga toza gol urgandim, ammo u paytlarda VAR (VAR) yo'q edi va shu sababdan biz guruhdan chiqa olmadik. Lekin hech bo'lmaganda bizning kichik mamlakatimiz "Marakana"da o'ynash baxtiga muyassar bo'ldi. Hech bo'lmaganda biz dunyoga kim ekanligimizni ko'rsatib qo'ydik.
Mana, biz yana qaytdik.

Qizig'i nimada bilasizmi? Mart oyida men 40 yoshga to'ldim va buni hali ham nishonlaganim yo'q. Men musulmonman, u paytda Ramazon oyi edi, qolaversa, Uels va Italiyaga qarshi o'yinlarimizda bajarishimiz kerak bo'lgan muhim ishlarimiz bor edi. Shuning uchun men o'zimga-o'zim: "Yaxshi, MANA SHUNI mening tug'ilgan kunimga bag'ishlangan bazm qilaman", – deb o'yladim.
Uelsga qarshi o'yinda 1–0 hisobida yutqazayotganimizda tabloga qaraganim esimda.
85:00.
Vahima.
Vaqtimiz tugab boryapti.
Keyin biz burchak to'pi tepish huquqini qo'lga kiritdik va meni shunday bir kichkinagina yigitcha qo'riqlayotgan edi, men esa "Oh, ajoyib!" – deb o'yladim. To'pni darvozaga to'g'rilab yubordim va endigina golni nishonlayotgan edimki, faoliyatim davomida to'rt marta penaltilar seriyasida qatnashganim va barchasida yutqazganim yodimga tushib ketdi.
Yaxshiyamki, bizning yoshlarimiz penaltilarni qanday tepishni bilishadi. Ular biz faxriylar kabi hamma narsani haddan tashqari chuqur o'ylab o'tirishmaydi.

Zenicada Italiyaga qarshi o'ynaganimizda Donnarummadan juda qo'rqqandim. U shunaqa gavdaliki, bilasizmi? Rostini aytsam, penaltilar seriyasida unga gol ura olgan bo'larmidim, bunga ishonchim komil emas, lekin qo'shimcha bo'limlarning so'nggi daqiqasida o'ng elkamdan jarohat oldim va maydonni tark etishga majbur bo'ldim. Birinchi penaltimizni aslida ko'rolmadim ham, chunki shifokorimiz hali ham qo'limni ko'kragimga bog'lab qo'yayotgan edi. Zaxira o'rindig'ida o'tirardim va barcha murabbiylar mening ko'rishimga to'sqinlik qilishardi. To'p darvozaga kirgach, muxlislarning hayqirig'ini eshitdim va shunday o'yladim...
Bilasizmi nima? Balki bu omaddir. Men tomosha qilmayman. Qaray olmayman. Yaxshisi muxlislarni tinglay. O'z xalqimning ovozini eshitay.
Keyin Italiya xatoga yo'l qo'ydi. Ovoz shunchalik baland ediki.
Ular yana bittasini o'tkazib yuborishganda esa, shovqin shunchaki dahshatli edi. Men faqat duo qilardim, tinmay duo qilardim. Ko'zimga faqat murabbiylarimizning orqa tomoni ko'rinardi, xolos.
Keyin Esmir hal qiluvchi penaltini tepish uchun yaqinlashganida, murabbiyimiz ortiga o'girildi va: "Men ham qaray olmayman", – dedi.
U oldimga kelib, meni qattiq bag'riga bosdi. Biz boshlarimizni birlashtirdik, ko'zlarimizni yumib, faqatgina tingladik........
Keyin esa hayotimizdagi eng g'alati ovozni eshitdik.
Esmirning to'pga zarba berganini eshitdik.
Olomon esa "Aaaaaaah..." – deb yubordi.
Jijining barmoqlari to'pga tegib ketdi.
Muxlislar ovozlarini baralla qo'yib "Ooooooh..." – deb hayqirishdi.
Stadion bir zumga sukutga cho'mdi. Bu hayotimdagi eng uzun millisoniya edi.
Keyin......... portlash.
Qiyqiriqlar, mashalalar, tutun va mushakbozlik. Atrofda sakrayotgan odamlar. Butun zaxira o'rindig'imiz maydonga yugurib chiqdi. Murabbiyimni yanada qattiqroq quchoqladim, osmonga qaradim va keyin hayotimdagi eng kuchli hayqiriqni tashqariga chiqardim.
"AAAAAAAAAAAAAAHHHHHHHHHHHHHHHHHHHHHH!!!!!!!!!!!!!!!!!!"
Shu holatda 20 soniya turdim.
Bizning mo'jazgina mamlakatimiz yana Jahon chempionatiga borayotgan edi.

Bu erga yetib kelish hech qachon oson bo'lmagan. 40 yoshda ham oson emas, ayniqsa ertasi kuni ertalab belingiz zirqirab og'risa va yana og'riq qoldiruvchi dorilarga murojaat qilishga to'g'ri kelsa. Ammo qachonki tanam taslim bo'lishni xohlasa, o'tkazib yuborgan barcha ziyofatlarimni, oilamdan uzoqda o'tkazgan oylarimni, do'stlarim sohilda kokteyl ichib yotganda musobaqalarga bag'ishlagan barcha yozgi tatillarimni eslayman. Ruhan, bu juda qiyin. Tanqidlar hali ham og'riqli. Ammo maydonga chiqqanimda, hali ham o'zimni xuddi sizlardan biringiz kabi – ichimda hayajon titratgan, ko'zlarida porlagan yulduzlari bor yosh boladay his qilaman.
Va har safar bir xil xulosaga qaytaman.
Bunga arziydi. Barchasi.
Yomon lahzalarsiz, yaxshilari hech qachon kelmaydi.
Italiyani mag'lub etganimizdan so'ng, men A Seriyada birga o'ynagan bazi yigitlarimni ko'rishga bordim. Keyin tribunadan oilamni qidirib topdim. Rafiqamni o'pdim. Ota-onamni bag'rimga bosdim. Ularsiz bularning hech biri ro'y bermagan bo'lardi.

O'sha kecha shunchaki Zenicada bo'lishning o'zi mo'jiza edi. Bosniyadan qanchalik uzoqda bo'lsam, uni shunchalik ko'proq sevaman. Mana, bunga 20 yil bo'ldi. Uning to'qqiz yili Italiyada o'tdi. Farzandlarim Rimda tug'ilishdi. U hali ham mening ikkinchi uyimdir. Ammo har gal Saraevoga, ota-onamni yo'qlagani borganimda, onam taom pishirayotganida va hamma jam bo'lganida, men o'zimni shu qadar baxtiyor his qilaman. Bu libosni kiyganimda, yuragim boshqacha ura boshlaydi.
Men o'z xalqim uchun o'ynayapman. Men Saraevo ko'chalaridagi o'g'il va qizlar uchun maydonga tushyapman. Men mamlakatimizni shunchalik go'zal qiladigan barcha turli madaniyatlar va dinlar uchun o'ynayapman, garchi bazi odamlar hali ham bizni parchalab tashlashga urinayotgan bo'lsalar ham.
Ular hech qachon maqsadlariga erisha olmaydilar.
Men tufayli emas. Kattalar tufayli ham emas. Biz hech qachon xulosa chiqarmaymiz. Barchasi siz – bolalar tufayli.... Siz hech qachon o'zgarmaysiz.
Shunday ekan, menga bitta oxirgi yaxshilik qiling, xo'pmi?
Saraevoda yashaysizmi yoki Rimda yoxud Sent-Luisda.... Musulmonsizmi yoki yahudiy, katolik yoki pravoslavmi....
Qayerdan kelib chiqqaningizni hech qachon unutmang.
Siz bosniyaliksiz. Butun dunyo sizning poyingizda.
Barchangizni yaxshi ko'raman.
Hurmat ila,
– Eden



