Haqiqiy iroda sohibi - Raul Ximenes: uch oy avvalgi og'ir judolik, o'limga teng jarohat va uzoq kutilgan gol

12 iyun 2026, 17:11
Raul Ximenes nihoyat buni uddaladi!

U jahon chempionatida 2014 yilda debyut qilgan, keyin JCH-2018 va JCH-2022 turnirlariga ham borgan edi, biroq har safar golsiz qaytardi. Endi esa u gol urdi – ochilish o'yinida, Meksikada, o'z muxlislari ko'z o'ngida. Va ko'zyoshlarini tiya olmadi.

Ximenes golini otasiga bag'ishladi. Ular har bir o'yin oldidan telefonlashishardi

Raul qo'llarini ko'tarib, osmonga qaratdi. Bu gol – shu yilning mart oyida vafot etgan otasi xotirasi uchun edi.

Ximenes otasi uni doim qo'llab-quvvatlaganini va futboldagi eng muhim yordamchisi bo'lganini aytardi. Raul u bilan har bir o'yin oldidan – oxirgi kunlarigacha telefon orqali gaplashib turgan.

Ximenesning ota-onasi uchuvchi bo'lib ishlagan, tez-tez parvoz qilishgan va uzoq vaqt uyda bo'lishmagan. Shunga qaramay, Raulning mashg'ulotlari jadvaldan chiqib ketmagan: qarindoshlari uni mashg'ulotlarga olib borish va olib ketishga yordam berishgan. Ximenes bolaligidan ota-onasining ishi sababli ko'p uchganini va bu keyinchalik boshqa mamlakatlarga ko'chib o'tishga hamda futbolchilikning sarson-sargardon hayotiga osonroq moslashishiga yordam berganini eslaydi.

gettyimages-2280453126-2048x2048.jpg

Otasining o'g'li bilan bo'lgan bir muhim suhbati ham bor. 15 yoshida, Raul "Amerika" tizimida o'ynab yurgan kezlari murabbiy Ximenes-kattani ogohlantiradi: agar yigitcha munosabatini o'zgartirmasa, uni haydab yuborishadi. Ota o'g'li bilan gaplashib, undan nima istashini so'raydi. Raul: "Davom ettirishni xohlayman", deb javob beradi. Shunda otasi tushuntiradi: "Demak, munosabatni o'zgartirish kerak". Ximenes o'shandan keyin o'zida "nimadir o'zgarganini" xotirlaydi. Va u boshqalardan ajralib turish uchun ko'proq mehnat qilish kerakligini tushunib etadi.

Uydagi JCHdan bir yil oldin Ximenes-katta o'g'lining jahon chempionatidagi golini juda ham kutayotganini aytgandi. U Raulni tanqidlardan himoya qilar va o'tgan turnirlarda unga unchalik ko'p vaqt berilmaganini eslatib o'tardi.

Otasining vafotidan keyin Ximenes "Fulxem" safida ham gol urgandi – o'shanda ham yig'lab, tiz cho'kkancha osmonni ko'rsatgan edi. Va mana, nihoyat, orziqib kutilgan gol: jahon chempionatlaridagi birinchisi, Meksikada, o'z uyida. Otasi bu lahzani ko'rishni juda orzu qilgandi. Biroq bungacha bor-yog'i bir necha oy yashay olmadi.

Raul 2026 yilgi JCHgacha hatto asosiy tarkibda ham maydonga tushmagandi. Vaholanki, u Meksika tarixidagi ikkinchi to'purar

gettyimages-2280453234-2048x2048.jpg

2014 yilda Ximenes Braziliyaga "Amerika" klubining yosh hujumchisi sifatida borgandi. O'shanda murabbiy Migel Errera oldinda Jovani dos Santos va Oribe Peralta juftligidan foydalangan. Hatto Chicharito ham ko'pincha zaxiradan maydonga tushardi. Ximenesga esa 6 daqiqa taqdim etildi: Braziliyaga qarshi debyut va 84-daqiqada maydonga tushish. Maydonda olti daqiqa va birorta ham zarba yo'q. Kamerun, Xorvatiya va Niderlandiya bilan o'yinlarda esa zaxira o'rindig'ida o'tirdi.

2018 yilda Ximenes ancha nufuzliroq futbolchiga aylangandi. Uning hisobida "Atletiko"dagi faoliyat va "Benfika"dagi bir nechta kuchli mavsumlar bor edi. To'g'ri, terma jamoadagi roli deyarli o'zgarmadi. Meksikaning o'z hujum chizig'i mavjud edi: Chicharito – markaziy hujumchi, Irving Losano tezlikka javob berardi, Karlos Vela – hujumlar miyasi, Migel Layyun – qanotdagi universal variant edi. Ximenes esa – "joker". U Germaniyaga qarshi, keyin esa 1/8 finalda Braziliyaga qarshi maydonga tushdi – ammo yana golsiz qoldi.

2022 yilda esa yanada qiyinroq bo'ldi. Kalla suyagi sinishidan keyin Ximenes futbolga qaytdi, biroq Qatarga jarohatlar, o'yin amaliyoti yo'qligi va sport formasi yaxshi emasligi sababli ideal holatda yetib kelmadi. Uni JCHga deyarli janjal bilan olib ketishdi – chunki yosh Santyago Ximenes qolib ketgandi. Raul guruhdagi uchta o'yinning barchasida zaxiradan maydonga tushdi, lekin hali etarlicha sergak ko'rinmasdi.

Natija: uchta jahon chempionati, oltita o'yin, bitta ham bahsda asosiy tarkibda maydonga tushmadi va birorta ham gol yo'q. Faqatgina endi unga omad kuldi. Vaholanki, u umuman olganda Meksika terma jamoasi tarixidagi eng muhim o'yinchidir. Janubiy Afrika Respublikasiga (JAR) urilgan goldan keyin Raulning terma jamoadagi gollari soni 46 taga etdi. U eng yaxshi to'purarlar ro'yxatida Jared Borgetti bilan ikkinchi o'rinni bo'lishib turibdi. Undan yuqorida faqat Chicharito bor – 52 ta gol.

O'limga teng jarohat. U endi faqat himoya vositasi bilan o'ynay oladi

Ximenes faoliyatidagi eng dahshatli lahza 2020 yilning noyabr oyida yuz berdi. "Vulverxempton"ning "Arsenal"ga qarshi o'yinida u burchak to'pidan keyin havodagi to'p uchun kurashga kirdi va David Luis bilan boshi bilan to'qnashib ketdi.

Zarba dahshatli edi. Raul hushini yo'qotdi, unga to'g'ridan-to'g'ri maydonning o'zida kislorod berishdi, keyin esa zambilda shifoxonaga olib ketishdi. Meksikalik hujumchi kalla suyagi sinishi va ichki qon quyilishi jarohatini oldi. Miyaga kuchli bosim tushgani sababli zudlik bilan operaciya qilish talab etildi.

Ahvol barqarorlashganidan keyin shifokorlar Ximenesga: "Tirik qolganingning o'zi bir mo'jiza", deyishdi. Raul to'qnashuv lahzasini eslay olmaydi. Xotirasida faqat stadionga kelish, kiyinish xonasi va maydonga chiqish qolgan. Keyin esa – qorong'ulik. Keyingi xotiralar allaqachon shifoxonadan – ular ham uziq-yuliq.

gettyimages-1229859968-2048x2048.jpg

Boshida futbol haqida gap ham bo'lishi mumkin emasdi. Eng muhimi – hech bo'lmaganda normal hayotga qaytish edi. Shifokorlar bunday jarohatdan keyin u boshqa umuman o'ynay olmasligi mumkinligini yashirishmadi. Kalla suyagining bitishi kutilganidan uzoqroq davom etdi, reabilitaciya esa oylab cho'zildi.

Ammo Raul qaytdi. Avval individual tarzda shug'ullandi, keyin jamoa bilan mashg'ulot o'tkazdi. Ximenes jarohatdan to'qqiz oy o'tib maydonga tushdi. To'g'ri, o'shandan beri u maxsus himoya bog'lachisida (bosh kiyimida) o'ynaydi. U shikastlangan joyni yopib turadi va yangi zarba xavfini kamaytiradi.

O'xshash yangiliklar


Manba: Championat.com