Aybek Nurbaev: "Durangdan xafa emasmiz"

Aslanov Jasurbek
3 iyun 2026, 23:13
Proliga 9-turdan o'rin olgan "G'azalkent" – "Jayxun" uchrashuvi 0:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalambor chiroyli o'yin uchun har ikki jamoaga rahmat. Bugun biz ham, raqib ham yutishi mumkin edi. Tomoshabop bahs guvohi bo'ldik. Bugungi o'yinda do'stlik g'alaba qozondi. "Sho'rtan" bilan uchrashuvdan so'ng bizda kam vaqt bo'ldi va bu o'yinga yaxshi hozirlik ko'ra olmadik. O'yinlar orasi qisqa, masofa uzoq. "Sho'rtan" bilan o'yinni o'tkazib ertasi kun yo'lga chiqdik. Shuning uchun yaxshi tayyorgarlik bo'lmadi. Yigitlarimizga harakat qilishgani uchun rahmat. To'g'risini aytsam, durangdan xafa emasmiz.

- Butun o'yin davomida jamoangiz yuqori pressing qildi va shu orqali raqibga bosim o'tkazdi. Yani, futbolchilar toliqib qolmadi.
- Har bir bahsda o'zimizni ko'rsatishga harakat qilyapmiz. Menimcha, egallab turgan o'rnimiz darajamizga mos emas. Har o'yinda yaxshi harakat qilyapmiz, faqat natijalar doim ham yaxshi bo'lmayapti. Mavsum boshidagi to'rt-besh o'yinda o'zimizni ko'rsata olmadik. Hayotimda yo'qotish bo'ldi, otamdan ayrilib qoldik. Bu ham ta’sir qildi. Shundan so'ng yana ishga kirishib kyetib, bolalar bilan ishlay boshladim. Yuqori pressingga kelsak, biz mashg'ulotlarda buning ustida ishlayapmiz, o'zimga ham shu usul yoqadi. Zamonaviy futbol shuni talab qilyapti.

- Jamoangizning moliyaviy holati qanaqa?
- Bilasiz, bu yildan Qoraqalpog'iston Milliy universtieti jamoamizni otaliqqa oldi. Universitet rahbariyati tomonidan barcha sharoitlar qilib berilmoqda. Uydagi o'yinlardan bir kun oldin futbolchilarimiz bazada yotib qolyapti. Ovqatlanish, pullik ishlar bo'yicha ham muammo yo'q. O'tgan yilga nisbatan o'zgarish ancha katta deya olaman. Buning uchun universitet rahbariyatiga rahmat aytib qolamiz.

- Birinchi taymda jamoangiz qarshi hujumlarda harakat qildi. Ikkinchi taymdagi ustunlik esa to'liq jamoangiz tomoniga o'tdi.

- Aslida shu reja bo'yicha o'ynashni maqsad qilgandik. "Sho'rtan" bilan bahsni o'tkazib bo'lgach bu o'yinga e'tiborni qaratdik. Lekin aytib o'tganimdek, ko'ngildagidek tayyorgarlik ko'ra olmadik. Masalan, kecha ayrim sabablarga ko'ra o'yindan oldingi mashg'ulotni ham qilmadik. Men yigitlarga birinchi taymda qarshi hujumda harakat qilishimizni aytdim. Ikkinchi bo'limda esa raqibda charchoq bo'lishini hisobga olib to'liq hujumga o'tishni maqsad qilgandik. Faqat gol ura olmadik xolos.

- "G'azalkent" jamoasi haqida fikringiz?
- Yaxshi yosh jamoa. Asosan 2007-2008-2009 yillarda tug'ilgan futbolchilar o'ynayapti. Eng muhimi, bu yoshdagilar katta futbol o'ynayapti. Zayniddin akaga ham hurmatim baland, yaxshi jamoa shakllantiryapti. Menga "G'azalkent" ko'rsatgan o'yin yoqdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia