

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi - Aybek Nurbaev (“QMU Jayxun”)
“QMU Jayxun” bu turda musobaqa yetakchilaridan biri "Metallurg”ni 2:0 hisobida mag'lub etdi. Bu muvaffaqiyatda Aybek Nurbaevning o'rni beqiyos. 38 yoshli mutaxassis shogirdlari bahsda ancha mazmunli o'yin ko'rsatib, raqibdan ustunligini namoyish etdi va ishonchli g'alabaga erishdi. Championat.asia sayti aynan Nurbaevni tur murabbiyi sifatida etirof etdi.

Tur futbolchisi - Ruslan Qalmag'ambetov (“Aral”)
“Aral” yakuniga etgan turda “Yaypan” darvozasiga 5 ta to'p kiritgan holda g'alaba qozondi (5:1). Bahsda mezbonlar vingeri Ruslan Qalmag'ambetov gol ham urdi va raqib futbolchisi avtogol muallifiga aylanishida rol o'ynadi. Championat.asia sayti 76 daqiqa davomida o'zining eng yaxshi tomonlarini ko'rsatgan futbolchini tur futbolchisi nomiga loyiq ko'rdi.

Tur darvozaboni - Ulug'bek O'rinboev (“TerDU”)
“TerDU” ortda qolgan turda Toshentda “G'azalkent” mehmoni bo'lib, 2:1 hisobida zafar quchdi. Ushbu g'alaba zamirida mehmonlar posboni Ulug'bek O'rinboevning mehnati ham yotibdi. U bahs mobaynida bir qator seyvlar namoyish etib, ko'pchilikning e'tiborini tortdi va haqli ravishda tur darvozaboni sifatida qayd qilindi.

Tur goli - Bekzod Suvonov (“Sho'rtan”)
“Sho'rtan” bu turda “Paxtakor farm”ni 2:0 hisobida mag'lub etdi. G'uzorliklarning ikkinchi golini yarim himoyachi Bekzod Suvonov urdi. Ushbu gol nominaciyada g'olib bo'lishida golning chiroyi emas, balki uning yaxshi tashkil etilgan kombinaciya orqali urilishi muhim ahamiyat kasb etdi. To'p yon chiziqdan o'yinga kiritilgach, himoyachilarga qadar yetib bordi va ular orqali hujum rivojlandi - oldingi chiziq vakillarining devor uslubidagi paslashuvi yakunda golga olib keldi. So'nggi pasdan keyin Suvonov chap oyoqda to'pni darvozaga kiritdi va Championat.asia xodimlari xuddi shu golni tur goli deb topdi.




