Asror Aliqulov: "Oxirigacha kurashdik, faqat o'zimiz xohlagan natijaga erisha olmadik"

24 iyul 2026, 22:41
Proliga 11-turidan o'rin olgan "Aral" – "Sho'rtan" (3:1) uchrashuvidan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib o'yin ahamiyati yuqori edi. Negaki "Aral" peshqadam, biz esa ikkinchi o'rinda boryapmiz. Shunga ko'ra, maqsadimiz ijobiy natija qayd etib, "Aral"ni uzoqlashtirmaslik edi. "Aral" uchrashuvda hisobni ochganidan keyin biz ham to'p kiritdik, lekin negadir golimiz inobatga olinmadi. Shundan so'ng ham hujumga ko'proq e'tibor qaratib, qarshi hujumda raqib hujumini o'tkazib yubordik. Oxirigacha kurashdik, faqat o'zimiz xohlagan natijaga erisha olmadik. Bu maydonda "Aral" kabi futbol o'ynay olmasligimiz ko'rinib qoldi.

- Bir yarim oylik tanaffus paytida bu o'yinga tayyorgarlik qanday kechdi?

- Birinchi navbatda sun'iy maydonga moslashib olishimiz zarur edi hamda futbolchilarga "Aral" standart vaziyatlardan juda yaxshi foydalanishini aytgandik. Afsuski, standart vaziyatdan gol o'tkazdik, qolaversa sun'iy maydonda to'p erga tushsa teparoq sakraydi, bu kabi jihatlarni ham e'tiborga olishimiz kerak edi. To'g'ri taktika tanlashga harakat qildik. Bu o'yinda "Aral" yaxshi himoyalandi, biz esa hujumda yomon harakat qildik. G'alaba bilan raqibimizni tabriklayman.

- Hozircha transfer oynasi ochiq. 10 avgustga qadar yangi futbolchilar keladimi?

- Proligada hamma jamoalar oxirigacha kurashyapti. Shu bois transfer borasida ham adashmasdan ish tutishga to'g'ri keladi. Bunday vaziyatda malakali futbolchilar kerak. Bizga kurashuvchan, tez fikrlaydigan o'yinchilar kerak va bu borada ish olib boryapmiz.

- "Aral"da bo'ydor markaziy himoyachilar o'ynadi. Bu holat ham inobatga olinganmidi?

- O'rtada to'p yo'qotganimiz ikkinchi golga olib keldi. "Aral"da nafaqat markaziy himoyachilar, qanot himoyachilari ham yaxshi o'ynadi. Biz esa oddiy to'p uzatishlarda xatoga yo'l qo'ydik. Paytida to'p oshirmaganimiz sababli ko'p hujumlarimiz to'xtab qoldi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia