Aybek Nurbaev: "Ayrim futbolchilarimizda "Bunyodkor" stadioniga kelgandayoq hayajon boshlandi"

24 may 2026, 22:56
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichi 3-turidan o'rin olgan "Bunyodkor" - "QMU Jayxun" (4:0) uchrashuvidan so'ng mehmonlar ustozi Aybek Nurbaev fikrlarini bildirdi.

"Bunyodkor" jamoasini g'alaba bilan tabriklaymiz, keyingi o'yinlarda omad tilaymiz. O'yinga to'xtalsam, raqibga qo'limizdan kelganicha qarshilik ko'rsatishga harakat qildik. Baribir tajriba o'z so'zini aytdi. Bugun ilk bo'limda o'yin amaliyoti kam bo'lgan yigitlarga imkoniyat berdik. Ikkinchi bo'limda rotaciya qildik. "Bunyodkor" o'rnimiz va darajamizni ko'rsatib qo'ydi. Ularda Superligada o'ynaydigan futbolchilar bor. Shogirdlarim yomon o'yin ko'rsatdi deya olmayman. Vaziyatlarimiz ham bo'ldi. Tarkibimizda birinchi marta Pro ligada o'ynayotganlar bor. Endi o'sishga harakat qilyapmiz. Qolaversa, xatolarimiz kuzatildi. Xatolarni ko'rib chiqamiz va "Sho'rtan" bilan o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz", - deydi Aybek Nurbaev.

- O'zbekiston Kubogi guruh bosqichida turli xil jamoalar qatnashdi. Ularda maqsad ham farqli. Bu omil ham futbolchilar harakatiga ta’sir qildimi?

- Shu o'yinlar orqali tajribamizni to'plab boramiz. Bu formatni qo'llayman, chunki hammada qatnashish uchun imkon bo'ldi.

- Abdusalom Nuriddinov "Jayxun" tarkibida kashfiyot futbolchi bo'lib turibdi. Uning o'yinlariga qanday baho berasiz?

- Abdusalom yaxshi futbolchi. Ochig'i, barcha futbolchilarni Birinchi ligadan, qishloqlardan topaman. Abdusalomni hae shunday topdik. U ko'zi yonib turgandi. Kuzatib taklif qildik. Bugun unga dam berishga qaror qildik.

- Futbolchilarda bugun ko'zi yonmadi. Bu holatga nima deya olasiz?

- Aytganimdek, kam to'p tepayotgan futbolchilarni tushirdik. Ayrimlarida stadionga kelgandayoq hayajon kuzatildi, xato qilishdan qo'rqishni o'ylashdi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia