

O'yindan keyin "Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv og'ir kechishini bilardik. "Metallurg"ni yaxshi bilamiz, doim Superligada o'ynagan. Keyin bir-ikki yilcha pauza qilib yana futbolga qaytdi va hozir Proligada ishtirok etyapti. Klub oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan. Jamoa safida tajribali ftubolchilar bor.
1 may kuni "Paxtakor farm" bilan Toshkentda o'ynab, 3 may kuni Nukusga yetib keldik. Bu o'yinga tayyorgarlik juda qisqa davom etdi. O'yindan oldin futbolchilarga kuchli xohish va xarakter tufayli o'z maqsadimizga erisha olamiz deb aytgandim. Bunday o'yinlarni kuchli xarakter bilan yutish mumkin.
Bugun uyda to'rtinchi uchrashuvni o'tkazdik. Shogirdlarimga katta rahmat, berilgan ko'rsatmalarni to'liq bajarishdi. Muxlislarimiz qarshisida yutmasak bo'lmasdi. Futbolchilarimiz vaqti kelib Superligada o'ynasa bundan biz ham xursand bo'lamiz. Bizni oxirigacha qo'llab turgan muxlislarga katta rahmat. O'yin juda shiddatli kechdi, darvozamiz tomon qo'yilgan penalti yo'q edi deb o'ylayman. Bahsni to'liq nazorat qilishga harakat qildik. Futbolchilarimiz hali yosh va tajribasi kamroq. O'tgan yilga nisbatan jamoani yana yangiladik.
- Keyingi o'yinlarda qaysi jihatlarni kuchaytirasiz?
- Jismoniy tomondan yomon emasmiz. O'zingiz ko'ryapsiz, oxirigacha o'ynayapmiz, hech bir futbolchimiz maydonda yotib olgani yo'q. Men hech qachon o'yinchilarga maydonda yotinglar, vaqtni cho'zinglar demayman. Tajribani sekin-asta oshirib boramiz. Har o'yindan keyin futbolchilar bilan gaplashyapmiz. O'yinlarni tahlil qilamiz, xatolarni futbolchilarga ko'rsatib beramiz. Avvalgi uydagi bahsda ham yaxshi o'ynagandik, bugun ham chiroyli o'yin namoyish etib berdik.



