

O'yindan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Kurashlarga boy uchrashuv guvohi bo'ldik. "Paxtakor farm" yosh jamoa va ko'proq to'p bilan yugurishga harakat qildi. Negadir gol urib olgach, sustkashlikka yo'l qo'yishni boshladik va o'yin nazorati raqib tomonga o'tdi. Ikkinchi bo'lim o'rtalarida jamoamizda yutdik degan fikr paydo bo'ldi. Aslida futbolni bunday o'ynamaslik kerak. Muhimi, g'alaba qozondik va navbatdagi uch ochkoni qo'lga kiritdik.
- Ikkinchi taym o'zgarish bilan boshlandi. Bu majburiiy o'zgarishmidi yoki taktikami?
- Proligada birinchi raqamli jamoa bo'lib o'ynashni maqsad qilganmiz. Futbolchimiz o'yinga kirishib keta olmadi, shu bois majburiy o'zgarishni amalga oshirdik.
- Yaqinda Kubok o'yinlari start oladi. Jamoa oldiga maqsad qo'yilganmi?
- Baribir har bir o'yin oldidan maqsad bo'ladi. Chunki maqsadsiz ish - ish emas. Biz uchun o'tkinchi bahs yo'q. Har bir o'yin futbolchilarga o'sish vazifasini o'tashi kerak.
- Negadir ayrim futbolchilarda raqibni mensimaslik holati kuzatildi.
- Bu borada ko'p gapirganmiz. Baribir yoshlarga qarshi shunday holat bo'ladi. Buni o'yindan keyin kiyim almashtirish xonasida ham aytdim. Proligada oddiy raqib yo'q, hammani hurmat qilamiz.
- Oxirgi 20 daqiqalik haqida fikringiz? "Paxtakor farm" yoki "Sho'rtan" qanchalik chidab berdi?
- Raqibimiz o'yinida har bir futbolchining oxirigacha kurashganini ko'rdim. Bu katta energiya talab qiladi. Ular bosim qilgan paytda bo'shliqlar paydo bo'ldi, lekin biz foydalana olmadik. Bizda esa futbolchirimiz yoshi kattaroq va tajribasi yuqori. Aqlli futbol namoyish etishga urinyapmiz. Oxirgi yigirma daqiqalikda xato qilmasak bo'lgani edi, chunki "Paxtakor farm"da kuch qolmagandi.



