Asror Aliqulov: "Hujumda kam vaziyat yaratdik"

4 iyun 2026, 22:35
Proliga 9-turdan o'rin olgan "Sho'rtan" – "Metallurg" uchrashuvi 1:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan ikki jamoa o'zaro bahs olib bordi. Qolaversa har ikki klub Superligani ko'rgan va o'ziga yarasha tarixga ega. O'yinga keladigan bo'lsak, e'tiborni asosan standart vaziyatlarga qaratdik hamda himoyani o'yladik. Shu bois bo'ydor futbolchilarni tushirdik. Hujumda kam vaziyat yaratdik, ikkinchi bo'limda nisbatan ko'proq hujum qildik. Kichik hisobda g'alaba qozondik va bu bilan "Sho'rtan" muxlislarini tabriklayman.

- Ikkinchi taym boshida Roman Vegeryani almashtirdingiz. Bu nima bilan bog'liq?

- O'z darvozamiz yaqinida kamroq qo'pol o'ynash maqsadida almashtirdik. Chunki istalgan xatodan raqib gol urib qo'yishi mumkin edi. "Metallurg" safida xatodan unumli foydalanadigan futbolchilar borligini bilardik. Hujumga chiqish jarayonida uch nafar markaziy himoyachi bilan o'ynadik. Bu esa ko'proq harakatni talab qildi. Roman bu vaziyatlarda biroz ishonchsiz ko'rindi, shu bois almashtirdik.

- Aksar vaziyatlarda Yuriy Klochkov o'z darajasida harakat qila olmadi.

- Buni taktik sxemadagi o'zgarish bilan izohlagan bo'lardim. Bugun Yurani hujumchi ortiga qo'ydik, u ikkinchi hududda yaxshi harakat qilib hujumga yordam berishi kerak edi. To'g'ri, birga bir vaziyatdan gol ura olmadi, lekin tezkor futbolchi hamda gol bo'lgan vaziyatda samarali to'p uzatishni amalga oshirdi.

- So'nggi daqiqqalardagi o'zgarishlar jamoaga qanchalik yordam berdi? Uch nafar yosh futbolchi birdaniga maydonga tushdi.

- Birinchi bo'limda ko'proq yoshi katta futbolchilar tajribasiga suyanib harakat qildik. Chunki "Metallurg" oson raqib emasdi. G'alaba qozonishimizga ishonch ortib borgach yoshlarni ham tushirishni maqsad qildik. Masalan, G'anisher Qodirov bugun yaxshi taassurot qoldirdi.

- Jo'rabek Mannonov almashtirilishi nima bilan bog'liq?

- Uning mushaklarida og'riq sezildi, shu bois almashtirdik. Futbolchining o'zi almashtirishimizni so'radi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia