Asror Aliqulov: "Har ikki jamoa to'pni yo'qotmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi"

Aslanov Jasurbek
30 may 2026, 23:30
Proliga 8-turdan o'rin olgan "Jayxun" – "Sho'rtan" uchrashuvi 1:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv kurashlarga boy bo'ldi. Maydonga ko'nikish sal qiyin kechdi. Standart vaziyatdan gol o'tkazdik. "Jayxun" jamoasi oxirgi o'yinlarda ham o'z maydonida, ham safarda yaxshi o'yin namoyish etib kelyapti. Ayniqsa o'z uyida oxirigacha kurash olib boradi. Shu bois yigitlarni yaxshi tayyorlashga harakat qildik. Bugun muxlislarbop futbol ko'rmadik deb o'ylayman, har ikki jamoa to'pni yo'qotmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Qiyinchilik bilan g'alabaga erishdik, bir holatda birga bir vaziyatdan foydalana olmadik. Bugungi mehnat uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman va "Sho'rtan" muxlislarini g'alaba bilan tabriklayman.

- "Jayxun" himoyaga urg'u berib qarshi hujumlarni maqul ko'rdi. Bunday pallada jamoangiz qanchalik qiynaldi?
- Biz bu holatni e'tiborga olgandik. Chunki "Metallurg" bilan o'yinda "Jayxun" gol urganidan so'ng e'tiborni himoyaga qaratgandi.

- "Sho'rtan" oldiga Superligaga qaytish vazifasi qo'yilganini bilamiz. Jismoniy tomondan jamoa bunga tayyormi?
- Bugungi toliqishni sun'iy maydon holati sabab deb aytgan bo'lardim. Maydon nihoyatda qattiq va futbol o'ynash og'ir. To'g'ri, bizda charchoq ko'rindi va shundan so'ng o'yinchilarni almashtirdik. Bugun raqibdan va maydon holatidan kelib chiqqan holda taktika va tarkibda o'zgarishlar qildik. Bazi yetakchi futbolchilar zaxirada qoldi, bu ham rejamizning bir qismi edi. Balki keyingi uchrashuvlarda yana rotaciyaga qo'l urishimiz mumkin.

- Ikkinchi to'p kiritilgach, futbolchilar vaqtni cho'zishga o'tdi. Shunga munosabatingiz?
- Agar G'anisher Qodirovning holatini aytayotgan bo'lsangiz, u ayyorlik qildi. To'pni yo'qotgach yiqilib tushdi va maydonda yotdi. Lekin biz futbolchilarga vaqtni cho'zinglar deb ko'rsatma bermaymiz. "Jayxun" darvozaboni to'pni o'yinga kiritishi bilan bosim uyushtirish va raqibning uzun paslar bilan o'ynashiga xalaqit berish ko'rsatmasini bergandik.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia