Andrey Shipilov: "Yigitlarni uyg'ota olmagan bo'lsak, ayb menda deb o'ylayman"

Aslanov Jasurbek
17 sen 2026, 00:06
O'zbekiston Kubogi 1/8 finaldan o'rin olgan "G'azalkent" – "Qo'qon-1912" uchrashuvidan so'ng "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Yigitlarga oxirigacha tushuntira olmadim. Tushuntirishga harakat qildim , biroq meni eshitishmadi. Biz faqat ikkinchi goldan keyin uyg'ondik.

- Bugun ayniqsa birinchi taymda raqib o'yinchilari Nimeliga umuman imkon berishmadi. Shu sababli ham o'yin chiqmadi deb hisoblaysizmi?

- Men bu o'rinda familiyalar haqida gapirmoqchi emasman. Men shunchaki futbolchilardan ikkinchi zonada jips harakat qilishni so'ragandim. Raqib ikkinchi hududni tezkorlik bilan bosib o'tdi. Kubokdagi raqibimiz "G'azalkent" ekanligini bilganimda bu jamoaning beshta o'yinini ko'rib chiqdim. Va shunga qarab hozirlik ko'rdik. Orada chempionat uchrashuvlarini o'tkazdik.

"G'azalkent"ning kuchli va kuchsiz tomonlarini bilardik. "Andijon" bilan bahsdan so'ng bu o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Afsus, ikkinchi zonada o'yinchilarimiz jips harakat qila olishmadi. Birinchi golda uxlab qoldik. Yigitlarni uyg'ota olmagan bo'lsak, ayb menda deb o'ylayman. Hakamlik haqida gapirmoqchi emasman, bugun ayrim jihatlarni tushunmadim. Biz jismoniy tomondan kuchsiz emasdik, o'zimizning xatolar sabab mag'lub bo'ldik.

- Bugun nima uchun taktik sxemani o'zgartirdingiz?
- Uydagi o'yindan so'ng uch nafar futbolchimizni yo'qotdik. Biz uchun har bir futbolchining o'z o'rni bor. Gadoev jarohat oldi. Bir nafar markaziy himoyachimiz ham safdan chiqqan. Mavjud tarkibdan kelib chiqib sxema tuzdik.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia