

- O'yin haqida fikringiz?
- Turnir jadvalida biz ham, "Mashal" ham yaxshi holatda emas. Oxirgi o'yinlarni omadsiz o'tkazdik, Superliganing ikkita turida mag'lub bo'ldik. Kubokda engilib musobaqadan chiqib ketdik. Bugun bizni g'alabadan boshqasi qoniqtirmasdi. Shuningdek, raqibimizga ham yutuq zarur edi.
Bugun meni ko'proq darvozani nolga ushlab qolganimiz xursand qildi. Uchta gol urdik, mayli, lekin ikki xil taym guvohi bo'ldik. Birinchi taymda birdan ortiq gol urishimiz mumkin edi, juda yaxshi vaziyatlarga ega bo'ldik. Raqibimizda ham yuz foiz imkoniyat bo'ldi. Agar raqib gol urganida hammasi o'zgarib ketishi mumkin edi.
Ikkinchi taymda negadir o'yinimiz unchalik qovushmadi. Ammo futbolda g'oliblar muhokama qilinmaydi deyishadi. Iqbol Malikjonov zaxiradan tushib juda chiroyli gol urdi. Ancha payt maydonda ko'rinmagan Silvanus Nimeli ham bugun harakat qildi. U to'pni yo'qotdi, lekin gol urdi, bu esa hujumchining ishi hisoblanadi. Jamoaga ikki kun dam beramiz, dushanba kuni yig'ilib navbatdagi uy o'yiniga hozirlik ko'ramiz.

- Elbek Yo'lchiev bilan Akbar O'ktamovning o'yinini qanday baholaysiz?
- Ijobiy. Elbek bugun ikkita to'p kiritishi mumkin edi. Biz uning darajasini mashg'ulotlar orqali sekin-asta ko'tarib boryapmiz. Nazorat bahsida "Yaypan" darvozasiga to'p kiritdi. Gol urishdan tashqari u to'pni o'zida saqlay olyapti. Akbar haqida ham ijobiy fikrlarni ayta olaman. Har ikki futbolchimiz nihoyatda ko'p ishlashi, vaqtida dam olishi va to'g'ri ovqatlanishi kerak. Bizda boshqa futbolchilarda ham salohiyat katta.
- Tabatadze bilan Giorgadze bugun maydonga tushishmadi.
- Andro Giorgadze shamollab qoldi. Toma Tabatadze haqida nima deyishim mumkin, agar bugun Nimeli gol urmaganida bu mening xatoyim bo'lardi. Toma - professional, u o'z ustida tinmay ishlamoqda. Keyingi o'yinlarda u ham maydonga tushadi. Bizda 3-4 nafar yaxshi hujumchi bor.
- Keyingi tur "Neftchi" Qo'qonga keladi. Jamoa chempionga jiddiy qarshilik ko'rsata oladimi?
- Mavsum boshida "Neftchi"ni yaxshi jamoa deb aytgandim. Lekin mavsumni bir tekis o'tkazish oson emas. Jamoa bu tur durang o'ynadi, safarda "Buxoro"ga yutqazgandi. Ayniqsa ikkinchi davra ular uchun og'ir kechyapti. Bizda ham yaxshi imkoniyat bor. Muhimi, sovuqqonlikni yo'qotmasligimiz kerak. Qizishib ketsak o'zimizga qiyin bo'ladi. "Neftchi"ga Elit OCHLda omad tilayman.



