

- Yigitlarimga "Qizilqum" 20–25 daqiqa davomida faol harakat qiladi, keyin esa o'yinni o'ldiradi, deb aytgandim. Aynan shunday bo'ldi. Biz hamma narsani to'g'ri bajardik.
Tashqaridan qaraganda, jamoamiz passiv yoki flegmatik harakat qilgandek tuyulgan bo'lishi mumkin. Aslida esa yigitlarim barcha ko'rsatmalarni yaxshi bajarishdi, kerakli harakatlarni amalga oshirishdi. 20-daqiqadan keyin esa shunchaki rejamizni ishga tushirdik. Hammasini ishga soldik, xolos.
Birinchi taymda esa bizni shafqatsizlarcha urishdi. Bu yerda gap faqat bitta qizil kartochka haqida emas. Ikkinchi qizil kartochkani ham ko'rsatish mumkin edi. Tushunaman, har bir jamoaning o'z vazifalari bor va har kim natijaga erishish uchun qo'lidan kelganicha harakat qiladi. Ikkinchi taymda nima bo'lganini o'zingiz ham ko'rdingiz. Maydonda ikkita jamoa emas, go'yoki faqat hushtak chalayotgan bir kishi bor edi. U vaziyatlarni qanday talqin qildi, nimani qanday baholadi - bilmayman.
Meni to'g'ri tushunishlaringizni istayman. Xudo saqlasin, hech kim haqida yomon gap aytish niyatim yo'q. Men faqat faktlar haqida gapiryapman. Biz juda yaxshi gol urdik. Mayli, buni ham qo'yaylik. Keyin 15 daqiqa kinoni (videotakrorni) ko'rishadi, ammo o'yinga atigi besh daqiqa qo'shishadi. Holbuki, hakam bizga sakkiz daqiqa qo'shib berganini aytdi.
Bizga shunchaki sakkiz daqiqa kerak emas. Qancha vaqt kerak bo'lsa, shuncha qo'shish kerak. O'zing kino ko'ryapsan, almashtirishlar bo'lyapti, raqib darvozaboniga tibbiy yordam ko'rsatilyapti. Bularning barchasi vaqt oladi. Ikkinchi taymda maydonda go'yoki faqat bir kishi bor edi. Ikki xil standartlarni tushuna olmayapman. Birinchi turdan buyon shu paytgacha hakamlik haqida bir og'iz ham gapirmaganman. Doim qandaydir sinovlardan o'tyapmiz. Yangi qoidalar, yangi talablar aynan bizning jamoamizda sinab ko'rilayotgandek. Goh kiyinish xonasida 30 daqiqa kutib o'tiramiz, goh safarda nimadir ishlamaydi, goh bizga "kutinglar, o'yin kechroq boshlanadi", deyishadi. Maydonimiz yaxshi bo'lsa ham, jarimaga tortilamiz, maydon yomon deyishadi. Men bu holatlarni tushuna olmayapman.
Keyin kimdir bu erga kelib, "sizlarda balet", deb gapiradi. Qanday balet? Bu gapni kim aytdi? Bizning jamoamizda uch nafar futbolchi jarohat olgan: biri operaciya stolida, ikkinchisining qovurg'asi singan, yana birida o'mrov suyagi bilan bog'liq jarohat bor. Bunday vaziyatda qanday qilib "balet" deyish mumkin? Men buni tushuna olmayapman. Futbol erkaklar o'yini ekanini yaxshi tushunaman. Ammo unda aytgan so'zlaringiz uchun ham javob berishingiz kerak. Qanday balet? Biz oddiy, normal futbol o'ynayapmiz. Hech kimni o'ldirayotganimiz yo'q. Har bir o'yinda gol urishga harakat qilyapmiz. Bugun esa shunchaki bizning g'alabamizni o'g'irlashdi. Bu gapim kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi. Men hech qanday chegaradan chiqmayapman, o'zimni qo'lga olib turibman. Bugun bizning g'alabamizni o'g'irlashdi. Qolganini ularning vijdoniga havola qilaman. Ammo ularda vijdon yo'q, avval ham bo'lmagan, bundan keyin ham bo'lmaydi. Tamom.



