

Arriyadiyah nashri xabar berishicha, jamoa delegaciyasi 31 oktyabr, shanba kuni Al-Ahso xalqaro aeroportidan xususiy samolyotda O'zbekiston poytaxtiga uchib ketgan.
Manba ma'lumotiga ko'ra, "Al Nassr" bosh murabbiyi Ange Postekoglu jamoa sardori Krishtianu Ronaldu, shuningdek, Muhammad Simakan va Kingsli Komanni Toshkentga safar qiladigan futbolchilar ro'yxatiga kiritmagan.
Shu tariqa, mazkur uch futbolchi "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuboradi.
Avvalroq "Neftchi"ga qarshi uchrashuvda jarohat olgan Kingsli Koman umumiy guruh mashg'ulotlariga qaytgani xabar qilingandi. Shuningdek, Muhammad Simakan ham jarohatidan tiklanib, maydonga tushishga tayyor ekani ma'lum qilingan edi.
Avstraliyalik mutaxassis "Paxtakor"ga qarshi bahs uchun Abdurahmon Sufyoniy, darvozabonlar Abdulhodi al-Alvon va Abdurahmon al-Utaybiy, shuningdek, Rakan al-G'omidiy hamda Avvad Amanni tarkibga jalb qilgan.
Eslatib o'tamiz, "Al Nassr" Saudiya Arabistoni chempionatining so'nggi turida "Al-Xulud"ni 5:3 hisobida mag'lub etdi. Mazkur uchrashuvda Krishtianu Ronaldu xet-trik qayd etgan bo'lsa, Joau Feliks to'rtta golli uzatmani amalga oshirdi.
"Al Nassr" Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirida bir g'alaba va bir mag'lubiyat bilan 3 ochko jamg'argan holda G'arb mintaqasi turnir jadvalida 9-o'rinni egallab turibdi. Jamoaning BAAning "Al-Vasl" klubiga qarshi 3-tur uchrashuvi boshqa muddatga qoldirilgan.
Ma'lumot uchun, "Paxtakor" va "Al Nassr" o'rtasidagi uchrashuv 2 noyabr kuni Toshkentdagi "Paxtakor" markaziy stadionida bo'lib o'tadi.
"Al Nassr" o'yindan so'ng to'g'ridan-to'g'ri Saudiya Arabistonining Al-Qasim mintaqasiga yo'l oladi. Jamoa 6 noyabr kuni mamlakat chempionati doirasida "Al-Hazm"ga qarshi maydonga tushadi.



