Ronaldu Toshkentga keladimi?

30 okt 2026, 21:03
Saudiyaning "Al-Riyod" nashri ma'lum qilishicha, "Al Nassr" bosh murabbiyi Ange Postekoglu Krishtianu Ronalduni Osiyo chempionlar ligasi doirasida "Paxtakor"ga qarshi uchrashuv uchun O'zbekistonga boradigan futbolchilar ro'yxatiga kiritmaslikka qaror qilgan.

Nashrning yozishicha, murabbiy francuz futbolchilari Kingsli Koman va Muhammad Simakanni ham jamoa qaydnomasidan chetda qoldirgan.

Uch nafar futbolchining mazkur bahsda ishtirok etmasligi sababi hozircha ma'lum qilinmagan. Biroq ularning uzoq safar tufayli charchab qolmasligi uchun dam oldirilishi ehtimoli yuqori.

"Al Nassr" Saudiya Professional ligasida mavsumni juda yaxshi boshladi. Jamoa dastlabki to'qqizta uchrashuvda g'alaba qozondi, keyin "Al-Ittifoq" bilan durang o'ynadi. Shundan so'ng "Neom" va "Al-Xolod" ustidan g'alaba qozonib, 28 ochko bilan ikkinchi o'rinni egallab turibdi. Ronaldu jamoasi faqat to'plar nisbati bo'yicha peshqadam "Al-Qodisiya"dan ortda qolmoqda.

Krishtianu Ronaldu esa ayni paytda ajoyib formada. U kecha, payshanba kuni bo'lib o'tgan uchrashuvda raqib darvozasiga uchta gol urib, joriy mavsumdagi ilk xet-trigini qayd etdi.

Shu tariqa, portugaliyalik yulduz faoliyati davomida klublar va milliy terma jamoa safida urgan gollari sonini 985 taga etkazdi. Endi u futbol tarixidagi 1000 gollik marraga yetish uchun yana 15 ta gol urishi kerak.

“Paxtakor” - “Al Nassr” uchrashuvi 2 noyabr kuni soat 18:45da start oladi.

O'xshash yangiliklar


Manba: nabamart.com