Abramovichning nayranglari pand berdi: "Chelsi" rekord jarima va transfer taqiqiga uchradi

Aslanov Jasurbek
16 mar 2026
Londonning "Chelsi" klubi sobiq xo'jayin Roman Abramovich davridagi moliyaviy qoidabuzarliklar sababli Premer-liga tomonidan qattiq jazolandi.

Rekord jarima va taqiq:

Mustaqil komissiya qaroriga ko'ra, ingliz klubi 10,75 million funt sterling miqdorida jarimaga tortildi. Jurnalist Nizar Kinsellaning ma'lum qilishicha, bu APL tarixidagi eng yirik jarima hisoblanadi.

Shuningdek, "Chelsi"ga 9 oy davomida akademiyaga yangi o'yinchilar ro'yxatdan o'tkazish taqiqlandi. Asosiy jamoa uchun esa 2 yillik sinov muddati bilan 1 yillik shartli transfer taqiqi (ban) belgilandi.

Ayblovlar nimadan iborat?

2025 yilning sentyabr oyida Angliya Futbol associaciyasi (FA) klubga 2009 yildan 2022 yilgacha bo'lgan davrda 74 ta qoidabuzarlik bo'yicha ayblov e'lon qilgan edi. Gap Eden Azar, David Luiz, Andre Shyurrle, Ramires, Nemanya Matich, Ngolo Kante, Villian va Samyuel Eto'O kabi yulduzlarning transferlarida agentlarga offshor hisob-raqamlar orqali qilingan noqonuniy to'lovlar hamda moliyaviy hisobotlardagi yolg'onlar haqida ketmoqda.

Yangi rahbariyat klubni qutqarib qoldi:

Takidlanishicha, agar yangi rahbariyat eski xo'jayin davridagi xatolarni o'zlari tan olib, Premer-ligaga murojaat qilmaganida, "Chelsi" naq 2 yillik qatiy transfer taqiqiga uchragan bo'lar edi.

Akademiyaga qo'yilgan taqiq 9 yoshdan oshgan va boshqa ingliz klublaridan keladigan futbolchilarga tegishli. Bu xorijlik iqtidorlar va amaldagi shartnomalarni uzaytirishga ta’sir qilmaydi. Hozirda FA tomonidan tergov harakatlari hali ham davom etmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: x.com/JacobsBen