

“Sautgempton” Chempionship pley-off bosqichi final uchrashuvidan chetlashtirildi, deya xabar bermoqda Sky News jurnalisti Rob Xarris.
Bundan oldinroq, “Sautgempton” tahlilchisi pley-offning ilk uchrashuvi oldidan “Midlsbro” jamoasining mashg'ulotlarini videoga olayotgan va taktikasini suratga tushirayotgan paytda qo'lga tushgani ma'lum bo'lgan edi. Ingliz futbol ligasi (EFL) ushbu holat bo'yicha surishtiruv ishlarini boshlagan edi.
Ikki o'yin natijasiga ko'ra “Sautgempton” “Midlsbro”dan ustun kelib (0:0, 2:1), finalga yo'l olgandi. Jamoa 23 may kuni APL yo'llanmasi uchun “Xall Siti”ga qarshi maydonga tushishi kerak edi.
Endilikda “Sautgempton” nafaqat finaldan chetlatildi, balki Chempionshipning keyingi mavsumi uchun 4 ochkolik jarimaga ham tortildi.
Ushbu jazo faqatgina pley-off yarim finalidan oldin “Midlsbro” mashg'ulotlarini yashirincha kuzatgani uchun emas, balki chempionat doirasida dekabr oyida “Oksford” hamda aprel oyida “Ipsvich”ga qarshi bahslar oldidan amalga oshirilgan josusliklar uchun ham qo'llanilgan.
Qayd etilishicha, “Sautgempton” Premer-ligaga qaytgan taqdirda ishlab topishi mumkin bo'lgan kamida 200 million funt sterling daromaddan mahrum bo'ldi.



