

APLga chiqish uchun bo'ladigan ilk o'yin shanba kuni "Riversayd" stadionida, javob bahsi esa seshanba kuni "Sent-Meri"da o'tkaziladi.
"BBC Sport" nashri ma'lumotiga ko'ra, payshanba kuni "Sautgempton" klubi tahlilchi murabbiyi "Midlsbro"ning mashg'ulotlarini yashirincha videoga olayotgan vaqtda ushlangan. U klub ishchilari tomonidan butalar orasidan olib chiqilgan va video o'chirib, klub hududidan chiqib ketishi talab qilingan. "Midlsbro" klubi bu borada ligaga murojaat qilgan.
"Daily Mail" ma'lumotiga ko'ra, murabbiy butalar orasida yashirinib olib, mashg'ulotni videoga olayotgan bo'lgan. Shundan keyin u stadionga unchalik uzoq bo'lmagan, "Midlsbro" klubi egasiga tegishli bo'lgan "Rockliffe Hall" mehmonxonasiga ketgan.
Ushbu holat borasida "Midlsbro" tergov ishlarini boshlashni talab qilgan va bu EFL qoidalarini buzish bilan tenglashtirilgan.



