

22-turning eng yaxshi darvozaboni - Davron Merganov (“Surxon”)
“Surxon” yakuniga etgan turda Toshkentdagi “Jar” stadionida “Qo'qon-1912”ni mehmon qilib, 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Bahs mobaynida termizliklar posboni bir qator vaziyatlarda jamoasi joniga ora kirdi va 5 ta seyv namoyish etdi. Shunday qilib, u o'z darvozasidan to'p olib chiqmadi va tur darvozaboni sifatida etirof etildi.

22-turning eng yaxshi murabbiyi - Ivan Boshkovich (“Bunyodkor”)
“Bunyodkor” bu turda “Buxoro” bilan bahs yuritib, 2:1 hisobida g'alabaga erishdi. Toshkentliklar ancha mazmunli o'yin ko'rsatishdi, ayniqsa, maydon markazida ustunlik sezilib turdi. Bunda Boshkovichning o'rni beqiyos. Bundan tashqari, “qaldirg'ochlar”ning 11 o'yinlik mag'lubiyatli seriyasi ham poyoniga etdi. Shunday qilib, aynan Boshkovich tur murabbiyi deb topildi.

22-turning eng yaxshi futbolchisi - Shohruh Abdurahmonov (“Navbahor”)
“Navbahor” ortda qolgan turda “Dinamo” bilan bahs yuritib, 3:2 hisobida zafar quchdi. Namanganliklar yarim himoyachisi Shohruh Abdurahmonov dublni rasmiylashtirib, o'yin qahramoniga aylandi. Shu tariqa, aynan u turning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

22-turning eng chiroyli goli muallifi - Jaba Jigauri (“Qizilqum”)
“Qizilqum” yakuniga etgan turda “Xorazm”ni 3:1 hisobida mag'lub etdi. 89-daqiqada navoiyliklar yarim himoyachisi Jaba Jigauri chap oyoqda “angliyskiy” deb ataladigan gol muallifiga aylandi. Uning tepgan to'pi darvoza to'sinini titratdi. Shu tariqa, aynan u turning eng chiroyli goli muallifiga aylandi.




