"Sautgempton" josuslik mojarosi tufayli Chempionship pley-off finalidan chetlatilgani ustidan appelyaciya beradi

Aslanov Jasurbek
20 may 2026, 00:32
"Sautgempton" klubi josuslik uchun berilgan jazo ustidan shikoyat qilmoqchi.

"Sautgempton" Angliya futbol ligasining (EFL) jamoani Chempionship pley-off finalidan chetlatish haqidagi qarori ustidan appelyaciya berish niyatida.
Eslatib o'tamiz, avvalroq "Sautgempton" tahlilchisi pley-off bosqichidagi ilk uchrashuv oldidan "Midlsbro" jamoasining mashg'ulotini videoga olayotgan va taktik chizmalarini suratga tushirayotgan vaqtda qo'lga tushgan edi. Ikki o'yin natijasiga ko'ra, "Sautgempton" raqibini mag'lub etib (0:0, 2:1), final yo'llanmasini qo'lga kiritgandi. Rejaga ko'ra, jamoa 23 may kuni APL yo'llanmasi uchun "Xall Siti"ga qarshi maydonga tushishi kerak edi, biroq endi finalda "Midlsbro" o'ynaydigan bo'ldi. Shuningdek, ushbu va bundan oldingi yana ikkita shpionlik holati uchun "avliyolar"dan keyingi mavsumda 4 ochko olib tashlandi.
Insayder Ben Jeykobsning xabar berishicha, "Sautgempton" tez orada rasman appelyaciya topshiradi. Klub rahbariyati bu jazoni o'ta adolatsiz deb hisoblamoqda va barcha huquqiy imkoniyatlarni ishga solishni rejalashtirgan.
Hozircha Gempshir grafligi klubi ushbu vaziyat bo'yicha biron bir rasmiy bayonot bergani yo'q.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: x.com/JacobsBen