Rasman: BMB darvozasiga oxirgi soniyalarda penalti belgilamagan hakam Oliy ligadan uzoq muddatga chetlashtirildi

Administrator
29 okt 2024, 21:43
O'zFHM matbuot xizmati futzal Oliy ligasi 1-turidan o'rin olgan BMB – “Oil Star" o'yinidagi bahsli vaziyat yuzasidan O'FA Hakamlar qo'mitasi qarorini ma'lum qildi.

BMB - "Oil Star" uchrashuvining 40-daqiqasida nominal mehmonlar qulay vaziyatga ega bo'ldi va shu holatda to'p amaldagi chempionlarning 17-raqamli futbolchisi qo'liga tegdi va maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Hakamlar Anatoliy Rubakov va Nikita Afinogenov mazkur epizodda to'p qo'lga tegmaganini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.   Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan referilarning qarori noto'g'ri, deb hisoblandi. Bugun esa O'zFHM ushbu holat bo'yicha hakamlarga tegishli jazo tayinladi:

"Futzal Oliy ligasi 1-turidan o'rin olgan BMB - "Oil Star" bahsi hakamlari Anatoliy Rubakov va Nikita Afinogenov o'yinda yo'l qo'ygan xatolari qoniqarsiz bahoga loyiq ko'rildi. Unga ko'ra, O'FA Hakamlar qo'mitasi tomonidan Ekspert-hakamlar komissiyasining chiqargan xulosasi, uchrashuv nazoratchisining qo'ygan bahosi inobatga olingan holda birinchi hakam Anatoliy Rubakovga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3 bo'limning 3-bandlari va 4-bo'limning 4.3 bandiga asosan, futzal Oliy ligasi uchrashuvlaridan yarim mavsumga chetlatish va quyi ligaga tushirish, o'yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 100% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo'llanildi.

Ikkinchi hakam Nikita Afinogenov Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3 bo'limning 3-bandlari va 4-bo'limning 4.3 bandiga asosan, futzal Oliy ligasidan ikkita turga chetlatish va o'yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 100% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo'llanildi", -deyiladi O'zFHM bayonotida.


AdministratorMuallif
Manba: ЎзФҲМ матбуот хизмати