

"Bugun biz uchun juda muhim o'yin edi. "Olimpik Mobiuz"ning bizga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko'rishini va ularning o'yin uslubini yaxshi o'rganib chiqqandik. Yosh va mahoratli jamoa. Shunga qaramay, bahs ancha og'ir kechdi. Shunday qiyin bellashuvda biz uchun olti ochkoga teng bo'lgan muhim 3 ochkoni qo'lga kiritdik, deb o'ylayman",- deydi Najmiddin Normurodov.
- "Metallurg" o'yindan-o'yinga aynan qaysi jihatlar bo'yicha o'sishga erishmoqda: jamoaviy harakatlarmi yoki boshqa omillar?
- Jamoaviy harakatlarimizda ancha ijobiy o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Shu bilan birga, standart vaziyatlardan unumli foydalanish borasida ham sezilarli darajada o'sish bor.
- Yangi jamoada o'zingizni qanday his qilyapsiz?
- Juda ajoyib. Albatta, "Bunyodkor"dagidek emas, lekin asta-sekin moslashib boryapman. Jamoadagi muhit va yaratilgan sharoitlar a'lo darajada. Klubda bemalol Superliga darajasidagi sharoitlar mavjud, deb ayta olaman. Umuman elitada qatnashish uchun hamma narsa bor.



