

Kapelloning fikricha, buning asosiy sababi - A Seriyadagi o'yin tempining pastligida.
A Seriyaning muammosi nimada?
Eslatib o'tamiz, Italiya chempionati peshqadami bo'lib turgan "Inter" ikki o'yin natijasiga ko'ra (1:3 va 1:2, umumiy hisob - 2:5) Norvegiya klubiga yo'lni bo'shatib berdi. Kapello bunday natijani mahalliy chempionatdagi muhit bilan izohladi:
"Italiya futbolida juda sekin o'ynashadi - bunga hech narsa qilib bo'lmaydi. Jamoalarimiz ko'p yuguradigan va pressing qiladigan raqiblarga duch kelganda, faqat sekin o'yin namoyish eta olishadi.
Qachonki siz tezlikni yoki intensivlikni oshirmoqchi bo'lsangiz, bunga sifat yoki shunday o'ynash ko'nikmasi yetishmaydi - natijada esa xatolarga yo'l qo'yasiz."
Agressivlikning yo'qligi:
Kapello hakamlar va ichki chempionatdagi yondashuvni ham tanqid qildi:
"Biz agressiv o'yinga o'rganmaganmiz, chunki A Seriyada shunday o'ynashga harakat qilsangiz, sizni darhol to'xtatishadi va buning oqibatida natijalar mana shunday achinarli ko'rinish olmoqda. Biz sekin o'ynaymiz, shu sababli "Inter" xavfli vaziyatlar yaratishga uringanida qanchalik qiynalganini barchamiz ko'rdik," - dedi Fabio Kapello.
Italiya grandining kutilmaganda Norvegiya jamoasiga yutqazishi ko'plab mutaxassislarni A Seriya darajasi haqida jiddiy o'ylab ko'rishga majbur qilmoqda.



