Braziliyada onlayn-stavkalar taqiqlandi. Mamlakat futboli 2027 yilda qancha pul yo'qotishini hisoblab chiqishdi

Aslanov Jasurbek
11 noya 2026, 13:22
Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) mamlakatda onlayn-stavkalar taqiqlanishidan ko'riladigan zararni baholadi.

CBF vakilining Braziliya Federal oliy sudidagi ochiq eshituvlarda ma'lum qilishicha, mahalliy futbolning 2027 yildagi yo'qotishlari taxminan 420 mln realni (qariyb 80 mln dollar) tashkil etadi. Keyingi yillarda moliyaviy zarar yanada ortishi mumkin.

Konfederatsiya ma'lumotlariga ko'ra, bukmekerlik kompaniyalari Braziliya chempionatining ikkita yuqori divizionidagi 40 ta klubdan 27 tasining titul homiylari hisoblanadi. Ushbu shartnomalarning umumiy qiymati taxminan 1 mlrd realga teng bo'lib, bu jamoalarning barcha homiylik daromadlarining 35 foizini tashkil qiladi. CBF fikricha, bukmekerlarning ketishi homiylik kelishuvlari qiymatining pasayishiga olib keladi. Yo'qotishlarni qoplash maqsadida klublar futbolchilarni faolroq sotishga majbur bo'lishadi va bu transfer bozoriga ham o'z ta’sirini o'tkazadi.

"Butun Braziliya futboli uchun qor uyumi effekti yuzaga keladi. Butun ekotizim o'z qadrini yo'qotadi. Hukumatni aholi salomatligini himoya qilish va futbolning iqtisodiy manfaatlarini hisobga oladigan muvozanatli echim topishga chaqiramiz", - deyiladi konfederatsiya xabarida.

Eslatib o'tamiz, 25 sentyabr kuni Braziliya prezidenti Lula da Silva bukmekerlik faoliyati va qimor o'yinlari reklamasini taqiqlovchi hujjatni imzolagan edi. 6 oktyabrdan boshlab qonuniy operatorlarning saytlari va ilovalari o'z faoliyatini to'xtatdi. Cheklovlar joriy etilgunga qadar bukmekerlar Braziliya A Seriyasidagi 20 ta klubdan 14 tasining titul homiysi bo'lib kelayotgan edi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: iGaming Brazil