Bir paytlar Kroyff va Santana o'yindan oldin kelishib olishgan ekan
27 apr 2020 14:19
Yangiliklar
Bir paytlar Kroyff va Santana o'yindan oldin kelishib olishgan ekan
"Barselona" 1992 yilda CHempionlar Kubogi g'olibiga aylandi. Yoxan Kroyffning jamoasi dekabr oyida Yaponiyaga, 1980 yildan beri har yili o'tkaziladigan Qitalararo Kubogi finaliga yo'l oldi. Bu klublar o'rtasidagi JCHning dastlabki ko'rinishi bo'lgan, ammo unda faqat ikki yirik musobaqa g'oliblari - Evropa chempionlar Kubogi va Libertadores Kubogi g'oliblari to'qnash kelardi.
O'sha yili "Barselona"ning raqibi Tele Santana boshchiligidagi "San-Paulu" (Braziliya) bo'ldi. Santana to'rtta etakchi shtat chempionatlari - San-Paulu, Minas-Jerays, Riu-Grandi-du-Sul va Rio-de-Janeyro ligalarida zafar quchgan Brazilidagi yagona murabbiy.
Tasodif tufaylimi yoki atayin, ikki klub Tokiodagi bitta mehmonxonaga joylashdi. Finalga ikki kun qolganida Kroyff va Santana qahva bahonasida uchrashishdi va kechki soat to'rtgacha suhbat qurishdi. Finalni boshqaradigan argentinalik hakam Xuan Karlos Lostau ham o'sha mehmonxonada edi va u murabbiylar o'rtasidagi muloqot guvohiga aylandi. Bir necha yil o'tib, o'sha uchrashuv unga futbol inom etgan eng foydali narsa ekanligini tan olgan.
"O'sha kecha vaqt almashinuvi tufayli uyxlay olmadim, chunki Argentina vaqti 12 soatga farq qilardi. Pastga tushdim, u erda meni Tele ko'rib qoldi va shunday dedi: "Xuan Karlos, kelaqol, men seni Yoxan Kroyff bilan tanishtirmoqchiman".
"Ular futbol haqida xuddi u muqaddas narsadek gapirishardi. Suhbat chog'ida, o'yinni qalbaki jarohat, to'pni tepib yuborish yoki o'zgartirishlar bilan cho'zish noto'g'riligi haqida gapirishdi. Ular o'z o'yin uslubi bilan g'alaba qozonishni xohlashardi va hurmat - muvaffaqiyat kaliti ekanligini tasdiqlashdi. Kroyff va Santana g'alabani istashardi, ammo halol futbol orqali. Ularning fikricha, qoidalarga amal qilingan bahsda g'olib va mag'lub bo'lmas ekan" - deya o'sha voqeani esga olgandi hakam.
Referining so'zlariga ko'ra, murabbiylar tong otay deb qolgan bo'lsada, futbol haqida gapirishdan charchamasdilar. Kroyff va Santana bir-birining qo'lini siqib, qasam ichishdi: Agar o'yin vaqtida "Barselona" yoki "San-Paulu" tarkibidan biror futbolchi halol o'yin qoidalariga rioya qilmasa, ular o'sha zahotiyoq almashtiriladi.
"Kelishdik" - degandi Kroyff. Santana mendan ushbu sirli ahdlashuvda ishtirok etishimni so'radi, shu sababli qo'limni ularning qo'li ustiga qo'ydim. 40 yillik faoliyatim davomida hech narsa meni Tele va Yoxan o'rtasidagi kelishuvchalik tasirlantirmagan" - degandi JCH-1990ning eng yaxshi hakamlaridan biri.
Ikki kun o'tib, 60 ming muxlis yig'a olgan final bo'ldi. "Barselona" safida Pep Gvardiola, Ronald Kuman, CHiki Begristayn, Mikael Laudruplar o'ynardi. "San-Paulu"da ham mashhurlar etarlicha bo'lgan - Myuller, Palinya, Tonino Serezo, Kafu. O'sha Braziliya klubidagi aksariyat futbolchilar ikki yil o'tib jahon chempioniga aylanishgan.
O'sha bahsning asosiy qahramoni Sokratesning ukasi - Rai bo'lgan. U Stoichkovning goliga dubl bilan javob qaytargan. "San-Paulu" 2:1 hisobida zafar quchgan.
Referining aytishicha, murabbiylar o'z so'zida turishgan: "Toza o'yin vaqti, golli vaziyatlar ko'p bo'lgan, ayyorliklarni payqamadim".
Tele Santana boshchiligidagi "San-Paulu" kelasi yil ham Qitalararo Kubogi finaliga chiqdi va yana g'alaba qozondi. Braziliyaliklar (ikkala finalda tarkibda birorta legioner bo'lmagan) bu safar Fabio Kapelloning "Milani"ni taslim etishdi - 3:2.
Fikrlar