

Qumloqdan qahratonga
1998 yilning 20 may kuni Kot-d'Ivuarning Abidjan shahrida tug'ilgan Koffi Frank Kuao bolaligida yashil maysalarni umuman ko'rmagan. Uning ilk stadioni Abidjanning jazirama quyoshi ostidagi issiq qumli sohillar edi. Otasi duradgor, onasi esa uy bekasi bo'lgan bu oilada futbol shunchaki ermak sanalgan bo'lsa-da, otasining rahbari – livanlik tadbirkorning e'tibori yigitchaning taqdirini butunlay o'zgartirdi. U mashhur "ASEC Mimosas" akademiyasiga yo'l oldi. 18 yoshga to'lgach esa, o'z orzularini ro'yobga chiqarish uchun okeanortiga, Yevropaga safar qildi. Bo'yi 1,73 metr bo'lgan bu yigitni Portugaliyaning "Vizela", "Famalikan" va "Moreyrense" klublaridagi hayot nafaqat taktik jihatdan tobladi, balki Yevropaning qahraton sovug'i va yolg'izligi bilan irodasini sinovdan o'tkazdi.
"Boshida til va iqlim sababli juda qiynaldim. U yerda sovuq tushunchasi men uchun butunlay yangilik edi. Dastlab o'ng qanot himoyachisi sifatida o'ynaganman, lekin jamoada chap qanotda muammolar bo'lgani sababli, murabbiy meni shu poziciyada sinab ko'rdi", – deb eslaydi Koffi o'sha mashaqqatli ilk kunlarini.

"Don Koff" – 1-liga yulduzining kulgi ortidagi ko'z yoshlari
Portugaliyadagi betinim mehnatlari uni Fransiyaning "Mec" klubiga etakladi. 1-ligadek dunyoning eng kuchli chempionatlaridan birida u o'z o'rnini topib, bozor qiymatini 2,5 million evrogacha ko'tardi. 2025/2026 yilgi mavsumning o'zida u 2 ta gol va 1 ta uzatmaga mualliflik qilib, maydonda jami 2273 daqiqa davomida ter to'kdi. Muxlislar va jamoadoshlari uni "Don Koff" deb atay boshladi – chunki bu laqab xo'jayindek salobatli eshitilardi. U hamisha kulib yurar, kiyinish xonasida pozitiv kayfiyat ulashardi. Jorj Mikautadze kabi noyob iqtidorlar bilan bir safda to'p tepgan bo'lsa-da, jamoaning ketma-ket mag'lubiyatlari ("Tuluza", "Monako", "Lill" kabi jamoalardan uchralgan zarbalar) uning ichki dunyosini ayovsiz emirib borardi. Omma ko'zidan yiroqda esa, Koffi o'ta og'ir ruhiy inqirozni – depressiyani boshdan kechirayotgan edi.
"Bu juda og'ir davr edi. Jisman charchamasam-da, ruhan butkul singan edim. Bazan uch kunlab xonamdan chiqmay, yorug'lik ko'rmagan vaqtlarim bo'lgan. Uyqusizlikdan qiynalardim va har kuni uxlatadigan dorilar ichardim", – deya o'z qalb og'riqlarini oshkor etadi futbolchi.
O'yinoldi mashg'ulotdagi isyon
Uning futbolga bo'lgan o'ta kuchli muhabbati bazan atrofdagilar tomonidan noto'g'ri talqin qilindi. Ayniqsa, "Renn" bilan kechgan keskin o'yinda zaxirada qolganida, u o'yinoldi mashg'uloti vaqtida maydon chetida to'p ustida xomush o'tirgan holda kameralarga tushib qoldi. Matbuot va bazi mutaxassislar buni darhol murabbiyga nisbatan ochiq isyon va boykot deb jar soldi. Shtab xodimi bilan bo'lgan oddiy tortishuv esa olovga yog' sepgandek bo'ldi. Aslida esa, bu hech qanday isyon emas, balki o'yinga kirishishdan oldingi ruhiy tayyorgarlik va muxlislar bilan g'oyibona muloqot qilishning o'ziga xos bir usuli edi.
"Zaxiradagi o'yinchilar uchun belgilangan tartib-qoida yo'q... Maydonga chiqqanda har kimga uch daqiqa bo'sh vaqt beriladi, men esa undan hamisha foydalanib, stadion va muxlislarga qarab turish uchun bir necha lahza to'p ustida o'tiraman", – deya izoh bergan edi u bu tushunmovchilikka.
"Mec" bilan vidolashuv
To'rt yillik fidokorona mehnat, quyi ligaga tushish va yana yuqoriga ko'tarilish mashaqqatlaridan so'ng, Koffi klub bilan shartnomani uzaytirishga chin dildan umid qilgan edi. U "Sen-Senforen" stadionini va o'zini doim olqishlagan muxlislarni yurakdan sevardi. Ammo klub rahbariyati muzokaralar vaqtida unga go'yoki endigina kelgan yosh, tajribasiz futbolchidek past shartnoma taklif qilganida, uning g'ururi bu hurmatsizlikni qabul qila olmadi. 28 yoshli etilib pishgan, bozor qiymati millionlab evroni tashkil etuvchi tajribali futbolchi qanchalik og'ir bo'lmasin, qadr-qimmatini saqlab qolish uchun to'g'ri qaror qabul qilishga majbur bo'ldi.
"Jamoada qolishni chindan ham xohlardim. Biroq rahbariyat tomonidan taqdim etilgan taklif menga nisbatan hurmatsizlikdek tuyuldi. Gap faqat moliyaviy tomonda emas, balki munosabatda edi... Ular meni xuddi jamoaga endigina kelgan yosh futbolchidek qabul qilishdi", – deya qatiy va biroz alam bilan javob berdi Kuao vidolashuv qarorini tushuntirarkan.

Okeanortidan Osiyoga
2026 yilning avgust oyida o'zbek futbolida eng kutilmagan va jarangdor transferlardan biri yuz berdi. Yevropaning Angliya, Ispaniya va Fransiya klublaridan tushgan ko'plab takliflarni rad etgan Koffi Frank Kuao Farg'onaning "Neftchi" klubini tanladi. 52-raqam ostida harakat qilayotgan futbolchi uchun bu transfer uning karerasidagi eng dadil, ammo eng mantiqiy qadam edi. U 28 yoshda oilaviy va moliyaviy barqarorlikni, yangi motivaciyani tanladi. 13 avgust kuni u yangi jamoasi safida, yangi qitada o'z debyutini o'tkazdi va vodiy derbisida g'alabaning totli tamini tatib ko'rdi. Qolaversa, ajoyib gol muallifiga aylandi.

"Neftchi libosidagi ilk o'yinim g'alaba bilan yakunlandi. Meni iliq munosabatda kutib olgani uchun klubga va muxlislarga tashakkur", – deb o'z quvonchini muxlislari bilan o'rtoqlashdi Koffi Farg'onadagi ilk muvaffaqiyatidan so'ng.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



