Vadim Shadimatov: "Hamma vaziyatlar golga aylansa, futbol basketbol bo'ladi"

27 avg 2026, 23:13
Proliga 17-turidan o'rin olgan "Aral" – "Kattaqo'rg'on" uchrashuvidan so'ng "Aral" bosh murabbiyi Vadim Shadimatov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo jamoamizni, muxlislarni va klubimiz rahbariyatini bugungi g'alaba bilan tabriklayman. Raqibga esa chiroyli o'yin uchun rahmat aytaman. Og'ir o'yin kechdi. "Kattaqo'rg'on" asosiy raqobatchilarimizdan biri hisoblanadi, shu bois jiddiy hozirlik ko'rdik. Kuchli raqobatchilar bilan bahslar doim qiyin kechgan. Bugun ham shunday bo'ldi.

- Golgacha jamoa ancha qiynaldi. Goldan keyin o'yin "ochildi". Golga qadar nima yetishmadi?
- Biz bu o'yinga maqsadli tayyorgarlik ko'rgandik. O'yin murakkab kechishini bilgan holda raqibni o'rganib hozirlik ko'rdik. "Kattaqo'rg'on" ham bizni yaxshi o'rgangan ekan, chunki ular bizga yaxshi qiyinchilik tug'dira olishdi. To'g'ri aytdingiz, o'yin golgacha davom etdi. Kim gol ursa shu jamoa yutadigan o'yin bo'ldi. Biz bir nechta xavfli vaziyat yaratdik, afsuski foydalana olmadik. Bu tushunarli, chunki hamma vaziyatlar golga aylansa, futbol basketbol bo'ladi. Futbol shunisi bilan ham qiziq.

- Navbatdagi bahs Farg'onada "FarDU"ga qarshi kechadi. Bungacha 10 kundan ziyod vaqt bor. Keyingi o'yinga tayyorgarlik qanday kechadi?
- Farg'onada bizni oson to'qnashuv kutmayotganini bilamiz. "FarDU" o'z maydonida juda yaxshi o'ynayapti. Shuni hisobga olgan holda jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz. To'g'ri, orada tanaffus bor, shu bois bir mudddat futbolchilarga dam berib keyin yana yig'ilamiz. Shundan so'ng o'z rejamiz bo'yicha davom etamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia