

Klub matbuot xizmati jamoa bosh murabbiyi Vadim Karlenovich bilan bog'lanib, tayyorgarlik jarayoni haqida qisqacha suhbatlashdi.
Mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik reja asosida davom etmoqda. Issiqko'lda kuniga ikki mahaldan mashg'ulotlar olib boryapmiz. Superliga bahslariga optimal sport formasida kirib borishga harakat qilamiz. Afsuski, bu yerda Qirg'iziston chempionati o'yinlari davom etayotgani bois o'rtoqlik o'yini uchun raqib topishning hali imkoni bo'lmadi. Shunga qaramay, jismoniy holat va maydonda mashg'ulotlar o'tkazib tayyorgarlik ko'rishda davom etyapmiz. 11 iyul kuni qaytib, Samarqandda so'nggi mashg'ulotlarni o'tkazamiz.
Tarkibimizda ko'rikda bo'lgan o'yinchilar bor, tez orada ular bo'yicha aniq qarorga kelamiz. Shuningdek, yangi o'yinchilar bilan muzokara davom etmoqda, transfer oynasida tarkibni kuchaytirishni ham rejalashtirganmiz, - dedi bosh murabbiy klub matbuot xizmati bilan suhbatda.
Ma'lumot uchun, Dinamo jamoasi Superliga 12-turi doirasida 18 iyul kuni Navoiyda Qizilqum klubi mehmoni bo'ladi.



