"Buxoro" ustozi va o'yin qahramoni, 3 yildan so'ng gol urgan Yaxshiboev, "Dinamo" posboni - Superligada 18-tur laureatlari

Iskandarov Abdulaziz
22 avg 2026, 14:04
Kecha Superliganing 18-tur uchrashuvlari yakunlandi.

Championat.asia sayti odatdagidek O'zbekiston Superligasi 18-turining eng yaxshilarini aniqladi.

18-turning eng yaxshi darvozaboni - Edem Nemanov (“Dinamo”)

Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” o'tgan turda Olmaliqda OKMK mehmoni bo'ldi. Murosasiz kechgan bahsda samarqandliklar 1:0 hisobida g'alaba qozondi. O'yin davomida Mirjalol Qosimov shogirdlari ustunlikka ega bo'ldi va ko'plab hujumlar tashkil qildi, lekin darvoza tomon yo'llangan zarbalarni golga aylanishiga “Dinamo” posboni Edem Nemanov yo'l qo'ymadi, bir qator seyvlar ijro etdi. Shu bois Nemanov turning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.

darvozabon.png

18-turning eng yaxshi murabbiyi - Aleksandr Xomyakov (“Buxoro”)

O'tgan turda o'z maydonida OKMKni enggan “Buxoro” bu safar chempionat karvonboshchisi “Neftchi”ni mag'lub etdi. Tan olish kerakki, Xomyakov Buxoroda ajoyib jamoa shakllantirdi va uning shogirdlari har qanday raqibga qarshi mardonavor kurash taqdim qilyapti, turnir jadvalida sovrindorlar qatoriga kirishga intilyapti. Bunda Aleksandr Andreevichning hissasi katta bo'lyapti. “Buxoro” ustozi ketma-ket ikkinchi bor turning eng yaxshi murabbiyligiga loyiq ko'rildi.

murabbiy.png

18-turning eng yaxshi futbolchisi - Sherzod Esanov (“Buxoro”)

Umuman olganda bu tur deyarli “Buxoro”ga ataldi desak yanglishmaymiz. “Neftchi”ning yirik hisobda taslim etilishida Sherzod Esanov o'zining munosib ulushini qo'shdi va 2 bor raqib darvozasini ishg'ol qildi. U 17-turda OKMK darvozabonini ham ranjitgan edi. Esanov haqli ravishda 18-turning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

futbolchi.png

18-turning eng chiroyli goli - Jasur Yaxshiboev (“Lokomotiv”)

“Lokomotiv” safarda navbatdagi muhim 3 ochkoga ega chiqdi. O'yinda “temiryo'lchilar”ning gollaridan biriga Jasur Yaxshiboev mualliflik qildi. Hujumkor yarim himoyachi 3 yillik tanaffusdan so'ng yana Superligada raqib darvozasiga yo'l topa oldi. Yaxshiboev aniq zarba bilan Umidjon Ergashev darvozasini to'rini titratdi.

gol.png

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia