

- O'yinni yaxshi boshlagandik. Birinchi bo'limda ikkala jamoa yaxshi o'ynadi. Biz ko'proq vaziyatlarga ega bo'ldik, biroq ulardan gollar ura olmadik. "Lokomotiv"da esa bittagina vaziyat bo'ldi. Ikkinchi bo'limni ham yaxshi boshlagandik, keyinchalik o'z darajamizni ko'rsata olmadik. Keyin esa kutilmagan holatlar bilan penaltilar bo'ldi. Ikki gol farqi bilan oldinga chiqib olgan "Lokomotiv" esa yaxshi tashabbusga ega bo'ldi. Keyin esa yana vaziyatlar bo'ldi. Yomon o'ynamadik, yaxshi imkoniyatlarni golga aylantira olmadik. O'yin bobida yomon ko'rinmadik, faqatgina darvozaga zarba berishdagi sovuqqonlikda oqsadik. "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman, biz esa kelgusi o'yinlarda bunday xatolar qilmaslikka harakat qilamiz.
- Bugun jamoangiz raqibdan yaxshiroq o'ynadi va bir qancha vaziyatlarda "Loko" himoyachilari to'pni Dorievga sovg'a qildi. Shunday ekan Siz nega hujumchilardan pressingni kuchaytirishni talab qilmadingiz?
- Shunday jamoalar borki, ularga bemalol pressing qilsa bo'ladi. Ayrim jamoalar bilan pressing qilish juda og'ir. "Lokomotiv" esa ikkinchisi jumlasidan. Chunki ularning darvozaboni juda oldinga chiqib o'ynaydi. Himoyachilar oldinda yonida sherigini topa olmasa, darvozaboni bilan o'ynaydi. Shu sababli bu jamoaga pressing qilish juda qiyin. O'z navbatida bizda raqibga bosim uyushtirish vazifasi yo'q edi, hatto to'p raqibga noqulay kelib qolganda ham. Bu jamoa pressingdan osonlikcha chiqib keta oladi.
- "So'g'diyona" yirik hisobda yutishi kerak bo'lgan o'yinda shu kabi mag'lub bo'ldi, desak ham bo'ladi. Gol urish uchun jamoaga nima yetishmayapti?
- Mahorat bo'lsa kerak. Futbolchi raqib darvozaboni bilan birga bir vaziyatga chiqib boryapti va gol ura olmayaptimi, demak unga mahorat yetishmayapti. Unda besh yoki oltita vaziyat bo'ldi. Balki u vaziyatlar yaratayotganda to'g'ri o'ynayotgandir. Istalgan jamoada, istalgan futbolchida faoliyatining pasayish nuqtasi bo'ladi. Tragedik holatlarni hisobga olmasak, biz yaxshi o'yin ko'rsatdik. O'z jamoamning o'yinidan mamnunman. Sizning savolingizga mahorat yetishmadi, deb javob beraman. Mahorat bo'lsa, gol urasan, mahorat bo'lmasa, gol urmaysan. "Lokomotiv"ga kelgusi o'yinlarda omad tilayman.
- Ikkita o'yinda jamoa 8ta gol o'tkazib yubordi. Sizning qo'l ostingizda "So'g'diyona" ochiq o'yin namoyish qilmoqda. Bir tomondan olib qarasak, Simeonening "Atletiko"si kabi o'yin ko'rsatyapti. Kerakli vaqtda himoyada "avtobus" qo'yib olmoqda. Natija kerak bo'lsa, istalgan uslubni o'zgartirishga tayyormisiz?
- Barcha jamoalar himoyalanadi va hujumga o'tadi. Bugungi kunda barchasi o'zgarmoqda. Ayrim vaziyatlarda hujumdamiz, bazida himoyada, bazida o'yinni nazorat qilamiz. Ha, ikkita o'yinda 8 ta gol o'tkazib yuborish - bu yomon. Bu holat barcha jamoalarda bo'lib turadi. Bu borada ishlaymiz. Bunga bir qancha faktorlar ham sabab bo'lishi mumkin. Bugungi bo'lgan ikkita penaltini omadsizlik desak bo'ladi. O'yin, ishtiyoq bobida biz yutqazmadik, faqatgina hisobda mag'lub bo'ldik. Kim gol urgan bo'lsa, o'sha yutdi.
- Ikkinchi bo'limning 70 daqiqalarida Cooling Break bo'lganida muxlislar tomonidan etirozlar bo'ldi. Shu paytda qanday hissiyotlar o'tdi?
- Yoqimsiz holat. Kimdir baqirsa, yaxshi gaplar aytmasa, yoqimli holat bo'lmaydi. Nima ham qila olamiz, javob bera olmasak, ular bilan gaplasha olmasak... Bu tarbiyaga bog'liq. Ular baqirishni xohlashdi va shuni qilishdi. Nima ham qilardik.



