

Ular orasida klublar futboli mavsumini o'zgartirish rejasi ilk bor kun tartibiga olib chiqildi.
Bu hozircha faqatgina o'rganishlarni boshlash uchun xizmat qilishi tushuntirib o'tildi. OFK klublar miqyosidagi musobaqalarni o'tkazishda konfederatsiyaning geografik jihatdan kattaligini inobatga olgan holda, ularni ikki mintaqaga bo'lishni afzal biladi. G'arbiy mintaqada ishtirok etadigan mamlakatlar kesimida olib qaralsa, biz uchun asosiy raqiblarning deyarli barchasi kuz-bahor formatida musobaqalar tashkil etadi. Bu tendenciya so'nggi yillarda yanada avj olayotganidan kelib chiqib, Yaponiya ham o'z ichki musobaqalarini kuz-bahor formatiga o'tkazdi. Yaqin kelajakda Xitoy, Janubiy Koreya, O'zbekiston kabi mamlakatlarda ham mazkur mavzuni atroflicha tahlil qilish zarurati vujudga kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, Liga birinchi qadam sifatida klublar bilan shu xususda fikr almashishni boshladi. Yaqin kelajakda biz kuz-bahor formati masalasida:
• futbol maydonlari parvarishi uchun mas'ul bo'lgan agronomlar va boshqa mutaxassislar;
• ko'p yillik tajribaga ega futbol murabbiylari;
• Assotsiatsiya rahbariyati;
• Sport vazirligi va shuning barobarida hukumatning boshqa mas'ul tashkilotlari bilan fikr almashishni rejalashtirganmiz.
Liga musobaqalar formatini bu ko'rinishda o'zgartirishning turli tavakkalchiliklarini inobatga olgan holda kecha o'tish davri loyihasini taqdim etdi. Bunda yillar shartli ravishda ko'rsatilgan bo'lib, yuqorida qayd etilgan ketma-ketlik doirasida yakdil xulosaga kelinsa, formatni o'zgartirishning aniq mavsumi o'zgarishi ham mumkin.
Biz, birinchi navbatda, mavjud futbol maydonlaridagi holat va albatta iqlim sharoitlaridan kelib chiqishga harakat qildik. Yani, loyihadagi davrlarga e'tibor qaratilsa, shu kungacha bo'lgani kabi yoz va qish chillasida futbol uchrashuvlarini o'tkazish masalasi hozircha Liga rejalaridan o'rin olmagan. Bunda quyidagi jihatlarga alohida e'tibor qaratish lozim:
• ichki musobaqalar avgustning ikkinchi yarmi o'tib start oladi, bu yoz chillasidan keyingi davrda futbol maydonlari o'zini qisman tiklab olishiga imkoniyat beradi;
• birinchi davra uchrashuvlari dekabrning dastlabki 10 kunligiga qadar davom etadi va oyning qolgan qismida O'zbekiston kubogi uchrashuvlari o'tkaziladi (so'nggi o'rganishlar dekabrning birinchi qismida futbol uchrashuvlarini tashkil qilish imkoniyati yuqori ekanligini ko'rsatadi);
• ikkinchi davra uchrashuvlari fevral oyining uchinchi dekadasidan e'tiboran start oladi (Elit OCHLda to'p surayotgan klublarimiz fevral oyi boshidanoq mavsumga qaytishiga to'g'ri kelmoqda va umuman fevralning so'nggi dekadasida milliy chempionatga start berishning imkoniyatlari juda past emas);
• mavsumning eng kulminacion qismi mamlakatdagi stadionlar o'zining eng optimal holatiga kirgan pallaga to'g'ri keladi;
• o'tish davrida futbol klublarining hamda futbolchilarning sport formasini inobatga olgan holda, mart-may oylarida Superliga va Proliga klublari uchun alohida hamda U21 jamoalari va Birinchi liga klublari uchun alohida kubok musobaqasi o'tkaziladi, bunda har bir ishtirokchiga minimum 8 tadan uchrashuv kafolatlanadi (bu ko'rsatkich yuqoriroq bo'lishi uchun harakat qilinadi).
Futbol maktablari va akademiyalariga qabul jarayonlari o'quv yili bilan parallel holatda ekanligidan kelib chiqilsa, mavsumiy formatning o'zgarishi futbolchilarning o'tish jarayonlarini umumlashtirishga ham xizmat qilishi mumkin. Liga va klublarni o'ylantirayotgan eng asosiy masala ayni vaqtda klublarning moliyaviy xo'jalik faoliyatini yuritishda uning sport mavsumi bo'yicha emas, balki kalendar yili bilan mutanosib kelishi masalasidir. Shundan kelib chiqib, mazkur reja har qanday holatda ham hukumat va uning tegishli tashkilotlari bilan atroflicha muhokama qilinishi zarur hisoblanadi.
Liga birinchi navbatda klublar poziciyasini o'rganadi. Shundan keyin yuqoridagi ketma-ketlik bo'yicha uchrashuvlar tashkil qiladi. Har bir o'rganish, xulosa, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ehtimoliy muammolar va boshqa masalalar atroflicha yoritib boriladi.




