

Shu bois mazkur to'qnashuvga futbol jamoatchiligining e'tibori yuqori. Xususan, O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi Artyom Filiposyan Janu-biy Koreyaga qarshi o'yin oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- Terma jamoa bu galgi yig'inda 2 ta o'yin o'tkazdi va tarkib keskin yoshardi. Hatto 16 yoshli futbolchi ham chaqirildi, eski futbolchilarning ko'pi yo'q. Umuman, yangilangan tarkib va shu ikki uchrashuvdan qanday xulosa oldingiz?
- Terma jamoamizning Eron bilan o'yinini ko'rdim. Yigitlar juda yaxshi o'yin ko'rsatishdi va har taraflama o'sha kuni Erondan yaxshi harakat qilib, raqibdan kuchli edik. Tarkibga 16 yoshli o'yinchi chaqirilganini hammamiz ko'rdik, demak, bosh murabbiy uning kuchli taraflarini ko'rgan va shunga yarasha qaror qilgan. Eski o'yinchilarning chaqirilmagani sababini aniq bilmadim, ammo bosh murabbiy o'z rejasi va qarorini o'zi biladi. Suriya bilan o'yinni ko'rishga vaqtim bo'lmadi, biroq umumiy olganda tarkibdagi yangilanishlar ijobiy jarayon.
- Janubiy Koreya bilan anchadan beri maydonda to'qnash kelmagan edik (oxirgi marta 2018 yilda o'ynaganmiz). Lekin bu vaqt ichida bizda ko'p narsa o'zgardi. Umuman, hozirgi kunda Koreya bilan darajamizni qanday baholaysiz?
- Janubiy Koreya oldin juda kuchli edi, buni hamma yaxshi biladi. Men ham ularga qarshi o'ynaganman - ular juda tezkor, jismonan baquvvat va aqlli o'ynaydigan jamoa edi. O'sha paytda ko'pchilik futbolchilari kuchli xorij klublarida to'p surardi. Agar bugungi Koreyani oldingisi bilan solishtirsak, fikrimcha, avvalgilari kuchliroq edi. Bugungi o'yinimizni kuzatib, ularga nisbatan o'z darajamizni aniq baholab olsak bo'ladi.
- Oradagi vaqt omili va bizdagi o'zgarishlar bugun maydonda bilinadimi? Biroq Koreya va Yaponiya 10 yil oldin ham, hozir ham barqarorlikni saqlab turibdi…
- Ha, Yaponiya va Koreya Osiyoda hamisha kuchli hisoblanadi. Ayniqsa, Yaponiya keyingi paytlarda juda kuchli terma jamoaga aylandi va barqarorlikni ushlab turibdi. Bizdagi o'zgarishlar maydonda qanday natija berishini vaqt ko'rsatadi.
- O'zingiz maydonda harakat qilgan davrda Janubiy Koreyaga qarshi o'yinlardan yodingizda nimalar qolgan? Qanday voqealar esda qolgan?
- Men ularga qarshi ko'p bor o'ynaganman. O'shanda ularning e'tiborni tortadigan jihatlari ko'p edi: birinchi navbatda yuqori tezlik, jismoniy tayyorgarlik va maydonda juda tez qaror qabul qilishlari hanuz yodimda. Fursatdan foydalanib, O'zbekiston terma jamoasiga bugungi o'yinda omad tilayman. Iloho, g'alaba qozonish nasib qilsin!


