

Antaliyaliklar Istanbulda mehmon
O'tgan turda, mavsumni juda yaxshi boshlagan "Yeni Malatyaspor"ni yirik hisobda enggan "Antalyaspor" ayni paytda, 2-o'rinni egallab turgan "Fenerbaxche" maydoniga safar qiladi. Mezbonlar yakunlangan haftada chempionat derbisi doirasida azaliy raqibi amaldagi kubok sohibi "Galatasaroy"ni mag'lub eta olishmadi va muhim ochkolarni boy berishdi.
"Sensaciyachi" va debyutant bahsi
"Yeni Malatyaspor" qaqshatqich mag'lubiyatdan so'ng, o'z maydonida uzoq vaqtlik tanaffusdan keyin Superligaga qaytgan va muhlislari qarshisida yutqazib qo'ygan "Denizlispor"ni qabul qiladi. Jamoalar orasidagi ochkolar tafovuti bor yo'g'i bir ochkoni tashkil qilmoqda. Ko'ramiz, Sergen Yalchin va Yuchel Yildiz o'rtasida bo'ladigan mahalliy mutahassislar to'qnashuvida kimning qo'li baland kelarkin.
Bir-biriga o'xshash klublar bellashuvi
Yakunlangan turda, chiroyli o'yinlar namoyish etgan va mavsumdagi ikkinchi g'alabalarini rasmiylashtirgan "Qosimposho" va "Konyaspor" jamoalar endi uch ochko uchun kurash olib borishadi. Ertangi uchrashuvlarni boshlab beruvchi o'yin nisbatan barvaqt bo'lib o'tishini ham takidlab o'tish joiz.
Quyidagilar to'qnashuvi
Musobaqa jadvalining so'nggi pog'onalarida borayotgan jamoalar o'zaro bahs olib borishadi. Unda, o'tgan tur yetakchilar qatoridan tushmayotgan "Gaziantep"ni durangga imzo chekishga majburlay olgan "Gyoztepe" o'z uyida mavsum boshidan beri hali biron marta g'alaba qozonmagan Xikmet Karaman boshchiligidagi "Qaysarispor"ni mehmon qiladi.
Istanbul shahri bosh jamoasi Anqaraga safar qiladi
Musobaqa jadvalida yaqqol autsayderlikni hech kimga bermay kelayotgan va o'tkazilgan olti o'yindan to'rttasida mag'lub bo'lib, atigi ikkitasida durang qayd etgan "Genchlerbirligi" mavsumni o'z nomiga munosib boshlay olmagan chempion "Galatasaroy"ga qarshi bahs olib boradi. Mustafo Qoplon shogirdlariga qiyin bo'lishi aniq. Chunki, ayni paytda istanbulliklarni ko'pchilikka malum va mashhur bo'lgan, shuningdek, Turkiya milliy terma jamoasi bilan bosh murabbiy sifatida bir necha mundialllarda qatnashgan tajribali Fotih Terim boshqarmoqda.
O'rtamiyonalar qarama-qarshiligi
Yakunlangan turda, musobaqa karvonboshisi bilan sulh tuzishga erishgan va yetakchi o'rinlardan biriga ko'tarilib olgan "Sivasspor" klubi o'z maydonida yana bir Anqara shahri jamoasini qabul qiladi. "Anqaragyujyu" esa, chempionatning eng qoloq ishtirokchisini ortiqcha qiyinchiliksiz ishonchli hisobda mag'lubiyatga uchratgandi.
Omadsiz peshqadamni mehmon qiladi
Joriy mavsum boshidan beri hech o'ziga kela olmayotgan va o'z tarixida birinchi bor juda yomon start olgan mashhur ishbilarmon Fikret Orman prezidentligidagi "Beshiktosh" bu safar o'z muxlislari qarshisida chempionatning mag'lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo'lib turgan "Alanyaspor" bilan bellashib ko'radi. Xa, Alanya shahri klubi barchani birdek hayratga solmoqda.
Raqobatchilar jangi
Yakunlangan haftani sharmanda bo'lib, ayanchli tugatgan "Rizespor" Istanbul shahri bosh klubi maydoniga safar qildi va yirik hisobli mag'lubiyatni qabul qilib oldi. Ular bu turda, o'tgan o'yinda turk futbolining bayroqdor jamoasini er tishlatgan "Trabzonspor" bilan kurash olib borishadi. Bu uchrashuv ham keskin kurashlarga boy o'tishi kutilmoqda.
Taqibchi istanbulliklar Gaziantepga uchishadi
O'tgan turda o'z uyida autsayderga ochko ulashib, muhim ochkolarni yo'qotgan "Gaziantep" klubi o'z uyida Istanbul shahri bosh jamoasini mehmon qiladi. "Istanbul Bashakshehir" raqibidan farqli o'laroq, jimjimador g'alabadan sarmast va ular o'yinga o'zgacha kayfiyatda tashrif buyurishadi. Agar mehmonlar g'alaba qozonadigan bo'lishsa, musobaqa jadvalida raqiblarini quvib yetishlari mumkin. Hozirda, jamoalarni bor yo'g'i uch ochko ajratib turibdi.
Turkiya Superligasi. Musobaqa jadvali

Xondamir Hakimov tayyorladi



