

✅ "Andijon" – "Qizilqum"
"Andijon" futbolchisi maydon tashqarisiga atayin emas, balki o'yindagi harakatlar natijasida chiqib ketdi. Shu bois, hakam bu kabi holatlarda o'yinchini maydonni ruxsatsiz tark etgani yoki unga qaytgani uchun jazolay olmaydi. Agar ushbu hujumda "Andijon" gol urganida, uni inobatga olish lozim bo'lardi.
✅ "Andijon" – "Qizilqum"
Mazkur vaziyatda "Qizilqum" futbolchilari tomonidan o'yin qoidasi buzilganini ko'rmayapmiz. Hujumning dastlabki bosqichida to'p himoyalanayotgan jamoa vakilining elka qismiga tegdi, bu yerda to'pni qo'l bilan o'ynash holati mavjud emas. Shundan so'ng, "Andijon" amalga oshirgan uzatmadan keyin ikki futbolchining to'p uchun kurashi kuzatildi va hech bir tomondan qoida buzilishi sodir etilmadi. To'g'ri qaror – har ikki vaziyatda ham o'yinni davom ettirish.
❌ "Qo'qon-1912" – "Neftchi"
Fikrimizcha, "Qo'qon-1912" himoyachisi jarima maydoni tashqarisida to'pga o'ynamasdan, ehtiyotsizlik oqibatida qo'pollik ishlatdi. VAR vaziyatga aralashmagani to'g'ri bo'ldi. To'g'ri qaror – jarima zarbasi va qo'pol o'yin uchun sariq kartochka.
✅ "Qo'qon-1912" – "Neftchi"
Qoida buzilgan pallada "Qo'qon-1912" hujumchisi darvoza markazi ro'parasida turgandi hamda to'pga birinchi yoki ikkinchi teginishdayoq zarba berish imkoniyatiga ega edi. Ikkinchi himoyachi esa hujumchi bilan kurashga kirishishga ulgurmasligi yaqqol ko'rinib turibdi. Nazarimizda, hakam raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun "Neftchi" himoyachisini maydondan chetlatib, to'g'ri qaror qabul qildi.
✅ "Bunyodkor" – "So'g'diyona"
Bu "klassik" sariq kartochka. To'g'ri, "Bunyodkor" futbolchisi butsasining tishlari bilan harakat qilgani ko'rinib turibdi, biroq to'qnashuv havoda yuz bergan, to'p uchun o'ynashga urinish bor va haddan tashqari shafqatsizlik kuzatilmagan. Hakam vaziyatni to'g'ri baholadi va qo'pol o'yin uchun futbolchini sariq kartochka bilan jazoladi.
✅ "Bunyodkor" – "So'g'diyona"
Ofsayd chiziqlarini chizgach, bosh hakam yordamchisi hujum qilayotgan jamoa futbolchisi o'yindan tashqari holatda qolganini to'g'ri qayd etganiga guvoh bo'lamiz.


✅ "Bunyodkor" – "So'g'diyona"
Mazkur epizodni butun o'yin kontekstidan uzib tahlil qilib bo'lmaydi. Agar hakam uchrashuv davomida kartochkalarga ortiqcha murojaat qilmasdan o'yin tizginini o'z qo'lida ushlab turgan bo'lsa, bu vaziyatda ham ogohlantirishlarsiz cheklanish mumkin edi. Biroq referi "So'g'diyona" darvozaboni va "Bunyodkor" futbolchisini sariq kartochka bilan jazolaganida ham, biz ushbu qarorni qo'llab-quvvatlagan bo'lardik.
❌ "Surxon" – "Xorazm"
Fikrimizcha, hakam xatoga yo'l qo'ydi. "Xorazm" futbolchisi qo'lini notabiiy tarzda chetga chiqargan va to'p aynan shu qo'lga kelib teggan. To'g'ri qaror – intizomiy jazo chorasi qo'llanilmagan holda penalti belgilash.
❌ "Navbahor" – "Paxtakor"
"Paxtakor" o'yinchisiga ogohlantirish berilishi lozim edi. Sababi, u yakkakurashga kirishayotganda raqibi uchun yuzaga kelishi mumkin bo'lgan oqibatlarni inobatga olmadi va butsasining tishlari bilan uning to'piq qismiga zarba berdi. To'g'ri qaror – qo'pol o'yin uchun sariq kartochka.
✅ "Navbahor" – "Paxtakor"
Hakamning qaroriga qo'shilamiz. Raqibning ortida turgan "Paxtakor" himoyachisi o'z harakatlari uchun javobgar hisoblanadi. Ushbu vaziyatda u garchi atayin bo'lmasa-da, kontakt tashabbuskori bo'ldi. Shu bois, fikrimizcha, bosh hakam ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan qoidabuzarlik uchun penalti belgilab, to'g'ri qaror qabul qildi.
✅ "Navbahor" – "Paxtakor"
"Navbahor" himoyachisi raqibining yuz qismiga tegmagan holda, qo'lini uning oldiga qo'ymoqda. Bu mutlaqo tabiiy o'yin kurashi. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Navbahor" – "Paxtakor"
Ushbu vaziyatda ham referining qarorini maqullaymiz. Ha, "Navbahor" himoyachisi qo'lini raqibning orqasiga qo'ygan, biroq biz bu yerda yaqqol itarish yoki ushlab qolish holatini ko'rmayapmiz, oyoqlarda ham o'zaro to'qnashuv yo'q. Hujum qilayotgan futbolchi o'z tashabbusi bilan yiqilmoqda. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Dinamo" – "Buxoro"
VAR vaziyatga to'g'ri aralashdi va bosh hakamni epizodni takroran ko'rib chiqish uchun monitor yoniga taklif etdi. Qoida buzilgan lahzada "Buxoro" hujumchisi darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgani, hujum yo'nalishi darvoza tomon ekanligi va "Dinamo"ning ikkinchi himoyachisi yordamga ulgurmayotgani (buni qoida buzilgan pallani stop-kadr qilish orqali anglash mumkin) yaqqol ko'rinib turibdi. To'g'ri qaror – raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun qizil kartochka.
✅ "Dinamo" – "Buxoro"
Referining qaroriga qo'shilamiz. "Dinamo" himoyachisi raqibiga chalish ishlatib, o'yin qoidasini buzdi. To'g'ri qaror – jarima maydoni ichida to'p uchun kurash kechayotgan vaziyatda raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan mahrum qilgani uchun penalti va sariq kartochka.
Shu tariqa, Superliganing 24-tur uchrashuvlarida hakamlar jami uchta xatoga yo'l qo'yishdi.



