Timur Kapadze: "80% tarkibimiz yangi. Maydondagi o'yin PlayStation emas, faqat bir jamoa ustunlik qiladigan"

Абдулвосит Бектемиров
4 apr 2026
Superliga 5-turidan o'rin olgan "Navbahor" - "Mashal" (2:1) uchrashuvidan so'ng namanganliklar bosh murabbiyi Timur Kapadze o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Muxlislarni g'alaba bilan tabriklayman. Yaxshi o'yin bo'ldi. FIFA kunlari davomida yaxshi tayyorgarlik olib borgan edik. Oldinda qilishimiz kerak bo'lgan ishlar ko'p. "Mashal"ning vaziyatini tushunib turibmiz. Shu sabab bunday o'yin namoyish etdik. Birinchi bo'limda ayniqsa. "Mashal" ikkinchi bo'limda katta kuch bilan oldinga bordi. Shunda ham vaziyatlarimiz bor edi va faqatgina gol urish talab etilardi. Endi keyingi o'yinlarga tayyorgarlik ko'ramiz. Oldimizda "Andijon"ga qarshi o'yin kutib turibdi", - dedi Timur Kapadze bahs yakunlangach.

- Endigina beshta tur ortda qolganiga qaramay ko'plab futbolchilar "lazaret"ga tushib qolishdi. Oldinda hali "Boxing day" bor. Jarohatlanganlarning soni ko'pligidan xavotirdamisiz?

- Xavotirdamiz. Har bir futbolchi biz uchun yo'qotish. Kimdir qaytadi, kimdir yana davolanadi. Bor resurs bilan oldinga harakat qilyapmiz. Jarohatlar futbolning bir qismi. Barcha tezroq tuzalib, safga qaytishini istaymiz. Bu haqda ko'p gapirib o'tirishning hojati yo'q. Bunday holatlar murabbiy uchun bosh og'riq.

- Qishda transfer qilinib, pul to'lanib sotib olingan Vanya Ilich dastlabki ikki o'yinda asosiy tarkibda edi. "Buxoro"ga qarshi o'yindan so'ng esa asosiy tarkibdan tushib qoldi. Dastlab u qanotda o'ynadi, bugun esa hujumchi ortida harakatlandi. Ilichning o'yinidan ko'nglingiz to'lyaptimi? Braziliyalik Aleks Fernandes esa dastlabki o'yinlarda zaxirada qolib ketdi, ammo "Paxtakor" va "Qo'qon-1912"ga qarshi bahslarda asosiy tarkibda tushib, gol va assist qayd etdi. Shuningdek, Muhammadali Usmonov mavsum boshida zaxirada qolib ketayotgan edi. Biroq "Paxtakor"ga qarshi o'yinda asosiy tarkibda tushib, yaxshi o'yin ko'rsatdi. Keyin "Qo'qon-1912" bilan yana zaxirada qolib ketdi. Bugun esa o'yinning dastlabki daqiqalaridan maydonda boshlab, gol urdi. Hujumda ko'p rotaciya qilishingizga nima sabab bo'lmoqda? Ushbu futbolchilar namoyish etayotgan o'yindan qanchalik qoniqyapsiz?

- Biz yangi jamoamiz. Buni tushunishingiz kerak. Biz har bir futbolchini kuzatib boryapmiz. Mashg'ulotlarda ko'ramiz, kim o'zini qanday tutyapti. Rotaciya qilish imkoniyati borligidan xursandmiz. Barcha futbolchilar asosiy tarkibda o'ynashga munosib. Kimgadur vaqt kerak. Vanya "Dinamo"ga qarshi yaxshi o'ynadi. "Buxoro"ga qarshi esa o'yini chiqmadi. Shu sabab boshqa futbolchilarni maydonga tushirdim. Ular esa o'zini yaxshi ko'rsatdi. Shu sababli rotaciya qilib boryapman. Hozircha barqarorlik yo'q. Murabbiylar shtabi bilan barchani kuzatib boryapmiz. Kim qanday xarakterli, qanday echim topsa bo'ladi. Hujumdagi futbolchilarimiz ko'p va har biriga imkoniyat berib ko'rishimiz kerak. Muhammadali G'iyosov jarohatlangan. U safga qaytsa hali ko'p yordam beradi. Barchasi yangi jamoa bo'lganimiz uchun sodir bo'lyapti. Jamoa bir tonusga tushib olsa, kimdir asosiyda o'yinni boshlab, qolganlar esa ikkinchi bo'limda maydonga tushib o'yinni kuchaytiradigan bo'ladi. Men uchun maydondagi ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishsa bo'ldi. Jamoa foydasiga harakat qilishi asosiy mezon. Kamchiliklar esa har o'yinda bor. Kamchiliklar ustida ishlasak, jamoa o'yindan o'yinga o'sib boradi. Jarohatlar ham o'ziga yarasha ta’sir qilmoqda.

- Hujumchilarni o'yin davomida almashtirish oson. Markaziy himoyachilar bilan rotaciya qilish esa biroz xavfliroq. Bugun Chichinadze o'ynamadi, ammo avvalgi to'rtta uchrashuvning barchasida to'liq harakatlangan edi. Giorgi Jerenaya bugun o'ynadi, ammo "Qo'qon-1912"ga qarshi bahsni o'tkazib yuborgandi. Islombek Mamatkazin esa bugun va "Qo'qon-1912"ga qarshi o'ynadi. Unga qadar esa o'yinlarda ishtirok etmagandi. Dilshod Komilov faqatgina "Dinamo"ga qarshi o'yinning so'nggi daqiqalarida maydonda tushirildi va shundan so'ng maydonga qaytmadi. Jamoada kimlar asosiy markaziy himoyachi?

- Dilshod Komilovning jarohati bor. U endigina jamoa mashg'ulotlariga qo'shilmoqda va hozircha individual tarzda mashg'ulot olib bormoqda. "Paxtakor"dan keyin esa uch nafar futbolchimiz jarohatlandi. Kati Katulondi, Giorgi Jerenaya va Saidazamat Mirsaidov. "Qo'qon-1912"ga qarshi o'yindan keyin esa Anri Chichinadze safdan chiqdi. Biz uchun yana bir sinov. Shu orqali boshqa futbolchilarga imkoniyat beramiz. Aytyapman-ku, jamoa hali yangi. Barchasi optimal darajaga kelib olguncha vaqt talab etiladi. Barcha jamoalarda holat shunday. Zaxira o'rindig'i qanchalik kuchli bo'lsa, jamoa shunchalik yaxshi deb bekorga aytishmaydi. Chempionat endi boshlandi. Oldinda o'yinlar ko'p. Eng muhim o'yinlar ikkinchi davrada kutib turibdi. Eng asosiysi har bir o'yinda maksimal tarzda harakat qilib, ko'proq ochko to'plashga harakat qilishimiz kerak.

- "Navbahor"ga barqarorlik etishmayotgandek. "Buxoro"dan engilib, "Paxtakor" raqibga hech qanday imkoniyat bermay yutuqqa erishildi. "Qo'qon-1912"ga mag'lub bo'lib, bugun "Mashal" ustidan g'alaba qozonildi. Bunday natijalarga va barqarorlik yo'qligiga nima sabab bo'lmoqda?

Aytganimdek, biz yangi jamoamiz. Bir futbolchiga imkoniyat beryapmiz. U o'zini yaxshi ko'rsatmoqda va keyingi o'yinda kutilganidek o'ynamayapti. Shuning uchun rotaciya qilib boryapmiz. Jamoa hali shakllanib bormoqda. "Buxoro" bilan o'yinda mag'lubiyatga loyiq emas edik. O'yin bo'yicha eng kamida durang qayd etilishi kerak edi. Aslida durang ham bizni qoniqtirmaydi. Bitta standart vaziyat va raqib gol urdi. Ikki taym davomida ham raqibga bosim qilgandik. Qo'qonda esa umuman boshqacha holat bo'ldi. 1:0 hisobida oldinda edik. Penaltiga tortadigan bahsli vaziyat bo'ldi, ammo hakam o'yinni to'xtatmadi. Biz javob hujumida gol urdik va hisob 2:0 ko'rinishiga keldi. Shundan so'ng biz urgan gol bekor bo'ldi va darvozamizga 11 metrlik zarba belgilandi. 2:0 hisobida yutib turgan vaziyatda, raqib penaltidan gol urdi va hisob tenglashib ketdi. Raqib hissiyotlarga berilib, yana oldinga o'ta boshladi. Shunday qiyinchiliklarga duch kelyapmiz, lekin barchasi vaqtinchalik. Har bir muammoni tahlil qilib chiqyapmiz. Qayerda, qanday xato qildik, barchasini o'rganib chiqmoqdamiz. Keyingi safar yana shunday holatga tushsak, futbolchilar to'g'ri reakciya bildiradi. Bularning barchasiga sabab yangi tarkib yig'ilgan. 80% tarkibimiz yangi. Turkiyadagi yig'inlarni ham to'liq tarkibimiz bilan o'tkaza olmadik. Yanvarda MTJ yig'in o'tkazdi va bir nechta futbolchilarimiz jamoa bilan birga emas edi. Undan keyin esa 2-3ta legionerimiz safimizga kech qo'shildi. Mana shunday o'yinlar orqali futbolchilarni ko'rib boryapmiz. O'yindan o'yinga barchasi oydinlashib bormoqda. Nazarimda, turdan turga o'yinimiz yaxshilanib bormoqda. Shu orqali o'zimiz istayotgan mukammal o'yinni topamiz.

kapadzee.JPG

- Jamoaga gol kerak bo'lganda umuman boshqacha futbol ko'ryapmiz. Tablodagi hisob jamoani qoniqtirayotgan pallada esa o'yin sustlashib qolyapti va ustunlik raqib tomonga o'tmoqda. Buning sababi nimada?

- Bu insonga xos holat. Hisob bizga kerakli vaqti xotirjamlikka beriladi. Yana gol urib olamiz, degan xayollar bo'ladi. Ayniqsa 2:0 hisobi shunday. Ikkinchi bo'limda o'yinimizda uzilishlar bo'ldi. Aslida yana gol urishimiz kerak edi. Tanaffusdan so'ng "Mashal" "Vabank"ga qo'l urdi. Ko'pchilik bo'lib hujumga o'tib, havodan to'p uzatishni boshladi. Epizodlarni yutib chiqib, bitta gol ham urib olishdi. Biz qarshi hujumda yana gol urishimiz kerak edi. O'zi har bir o'yinda imkoniyatlarimiz bo'lmoqda. Ulardan foydalanishimiz kerak. Himoyada kamchiliklar bor. Asosiy ikki himoyachimiz jarohatda. Kamchiliklar yo'q emas. Har bir bahs bizga o'sish uchun poydevor bo'lmoqda. Qayerda kamchiligimiz borligini bilib olyapmiz. Futbolda pasayish va o'sish tez-tez kuzatilib turadi. Siz aytganingizdek, jamoa 90 daqiqa bir xil o'yin namoyish etishi kerak. Raqib jamoa borligini ham unutmasligimiz kerak. Maydondagi o'yin Playstation emas, faqat bir jamoa ustunlik qiladigan. Ikkinchi taymda ayrim futbolchilarimizning tomiri tortishib qoldi. FIFA kunlari tufayli o'yinlar orasidagi pauza katta bo'lgani uchun shunday bo'ldi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o'yinga qo'shilib keta oldi. Birinchi bo'limda yaxshi o'ynagandik. Bugun g'alabani qiynalmasdan qo'lga kiritdik deya olaman.To'g'ri, ikkinchi bo'limda kichik epizodlarga asabiylashdik.

- "Mashal" dastlabki beshta turda 12ta sariq kartochka va 2ta qizil kartochka bilan jazolangan ekan. Butun o'yin davomida "Mashal" futbolchilari qo'pol o'yin namoyish etgandek taassurot uyg'ondi. Ayniqsa bir nechta qoidabuzarliklardan so'ng "Navbahor" futbolchilari jiddiy jarohat olishi mumkin edi. "Mashal" shunday o'yin namoyish etishidan xabardormidingiz?

- Raqib o'yinlarini ko'rib chiqqanman. "Lokomotiv" va "Andijon"ga qarshi o'yinlarda qizil kartochka oldi. Jamoa qo'pol o'yin namoyish etishi birinchi navbatda jamoaning zarariga ishlaydi. Har bir ogohlantirish va chetlatish futbolchining keyingi o'yinni o'tkazib yuborishiga olib keladi. Bu "Mashal"ning muammosi. Ayrim vaziyatlarda hakam qattiqqo'llik qilishi mumkin edi. Umuman olganda, bugun hakamlar o'yinni yaxshi boshqardi.

- Ketma-ket bir necha yildan buyon klub va terma jamoalarda ishlab keldingiz. Dastlab, OTJ va "Olimpik". Keyin esa milliy terma jamoa. Bir necha yildan buyon sizda umuman dam olish imkoniyati bo'lmagandi. Mart oyidagi FIFA kunlarini esa birinchi marotaba faqat klub bosh murabbiyi sifatida o'tkazdingiz. Klub hamda terma jamoani boshqarish bilan faqat klubda ishlash farqi qanday ekan? Balki bu safar ko'proq dam olgandirsiz yoki klub hech qachon ish to'xtamaydi degan ibora to'g'ri ekanmi?

- Klubda hech qachon ish to'xtamaydi. FIFA kunlarida jamoa tayyorgarlik ko'rib, nazorat o'yinlarida ishtirok etdi. Ayrim kunlari bir mahal, boshqa kunlari esa ikki mahal mashg'ulot olib bordik. Murabbiylar o'zi dam olmas ekan. Mavsum tugasa, keyingi mavsumga tayyorgarlikni boshlaymiz. Bu bizning ishimiz. Ishimizni yaxshi ko'ramiz. Klubda ishlash har kuni harakatda bo'lish degani. Qayerdadir o'zgarish qilasan, sinab ko'rasan va natijani kutasan. Bosh og'riqlari ko'p. Har bir raqibga qarshi har xil o'ynash kerak. Bir jamoaga qarshi pressing bilan, boshqasiga qarshi boshqacha. Bularning barchasi men uchun qiziq. Har bir raqib har xil o'ynaydi. Jamoani har bir raqibga qarshi tayyorlab borish va boshqa jihatlar. Ushbu jarayon meni va jamoani ham o'stirmoqda. Yutishimiz kerak, sxemani o'zgartiryapman. Murabbiylar shtabi bilan to'liq ishlab boryapmiz. Eng asosiy maqsadimiz muxlislarimizni xursand qilish.

- Zabihillo O'rinboevning holati haqida nimalar deya olasiz?

- Tez yordam mashinasi uni olib ketdi. Holati yaxshi deyishdi. MRT orqali qanchalik jiddiy jarohat olganini bilib olamiz.

- Oldinda 7ta tur uchrashuvlari bor va uchrashuvlarning orasi yaqin bo'lib qoldi. Shu haqda ham to'xtalib o'tsangiz.

- Bu faqatgina biz uchun emas-ku. Barcha jamoalar uchun shunday taqvim tuzilgan. Harakat qilamiz. Oldimizda "Andijon"ga qarshi "vodiy derbi"si bor. Biz uchun har bir o'yin muhim. Eng avvalo keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'rib, uch ochkoni qo'lga kiritishimiz kerak. Har bir o'yinga maksimal yondashuv bilan chiqishimiz talab etiladi.

- "Navbahor"dan MTJga faqatgina O'tkir Yusupov chaqirildi. Boshqa futbolchilar bu safar tarkibdan tushib qoldi. Ushbu holatga izoh berib o'tsangiz...

- Ruslan Jiyanov va Qo'vondik Ro'ziev ro'yxatda bor edi, menimcha. MTJ tarkibiga faqatgina 23 nafar futbolchi kira oladi. Tanlov bo'lsa katta. MTJ murabbiylar shtabi barchani kuzatib, o'ziga kerakli futbolchilarni chaqirishgan. Ularda ham rotaciya qilish imkoniyatlari bor. Har bir futbolchi maksimal tarzda harakat qilib, MTJdan chaqiruv olishga intilishi kerak. MTJ murabbiylar shtabiga ham oson emas. Tanlov ko'p, ammo barchani chaqirib bo'lmaydi. Men ham bularni o'z boshimdan kechirganman. Uni chaqiraymi yo buni chaqiraymi deb o'tirasan. Nafaqat Ruslan Jiyanov, balki nomzodlar ham bor edi. Bu bosh murabbiyning qarori. Bugungi kunda eng munosib futbolchilarni chaqirdi. Balki qaysidir futbolchini ko'rib olmoqchi bo'lgandir. Jiyanovni tanishi mumkin va shu sababli yangi futbolchini chaqirib, unga imkoniyat berib ko'rishni o'ylagandir. Har bir futbolchi o'zini yaxshi ko'rsatsa, murabbiylar shtabining nazariga tushadi.

kapadze.jpg


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia