

24.kg nashrining xabar berishicha, 2026 yilgi Qirg'iziston Kubogi g'olibi bo'lgan jamoa futbolchilari mavsum yakunlanganiga qaramay, klub bazasini tark eta olmayapti.
“Mavsum 8 noyabr kuni yakunlandi, ammo futbolchilar munosib dam olish o'rniga klub bazasida qolishga majbur. Ular rahbariyatdan maosh va mukofot pullarini kutayotgani sababli uylariga qaytib, tatilni oilalari bilan o'tkaza olmayapti”, – deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, “Neftchi” 2026 yilgi mavsum boshida besh nafar o'zbekistonlik futbolchini o'z safiga qo'shib olgan edi. Bular Sardorbek Xursandov, Sarvar Ablaev, Dadaxon Yusupov, Sobit Sindarov va Javohir Alijonovdir.
Klubning yanvar oyidagi rasmiy e'lonida ushbu futbolchilar bilan shartnoma imzolangani ma'lum qilingan. Biroq ularning barchasi mavsum oxirigacha jamoada qolgani va aynan qaysilarida maosh bo'yicha qarzdorlik mavjudligiga hozircha aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o'tamiz, “Neftchi” joriy mavsumda Qirg'iziston kubogini qo'lga kiritdi. Shuningdek, jamoa mamlakat chempionatida ham ishtirok etdi.
Hozircha klub rahbariyatining moliyaviy muammolar yuzasidan rasmiy munosabati e'lon qilinmagan.



