

12 noyabr kuni Talas klubi Shackix va uning murabbiylar shtabi bilan hamkorlik yakunlanganini e'lon qildi.
“Ukrainskiy futbol” nashriga bergan intervyusida mutaxassis bu qaror o'zi uchun kutilmagan bo'lmaganini ta'kidladi.
“Bunday vaziyatga tayyor edim. “Aziya”da biroz qayta qurish ishlari amalga oshiriladi, klub boshqa yo'nalishda harakat qilmoqchi. Rahbariyat bilan o'tirib, suhbatlashdik va ular yangicha yondashuvni sinab ko'rishga qaror qilishdi.
Hech qanday xafagarchilik yo'q. Hammasi yaxshi. Qo'l berib, quchoqlashib xayrlashdik”, – dedi Shackix.
Murabbiy Qirg'iziston chempionatidagi to'rtinchi o'rinni ham baholadi.
“Jamoani noldan shakllantirdik. Birorta futbolchi ham, xodim ham yo'q edi. O'tgan yilning noyabridan buyon juda katta ishlarni amalga oshirdik.
Mavsumni to'rtinchi o'rinda yakunladik, ammo ko'rsatgan o'yinimizga qaraganda bundan yaxshiroq natijaga loyiq edik. Chempionatda eng hujumkor va tomoshabop futbol namoyish etgan jamoa bo'ldik.
Avvaliga o'z stadionimiz ham yo'q edi. Hozir stadion qurildi, hatto unda bitta o'yin o'tkazishga ulgurdik. Ammo mashg'ulot bazasi hali ham yo'q. Mashg'ulot maydonini bazan berishardi, bazan esa yo'q. Bunday muammolar natijalarga ham ta’sir qildi”, – dedi mutaxassis.
Shackix hozirning o'zida yangi jamoada ish boshlashga tayyorligini bildirdi.
“Hech qanday dam olish rejam yo'q. Yangi loyihaga kirishish va yangi vazifalarni bajarishga to'liq tayyorman. Takliflarni kutyapman”, – dedi u.
Shuningdek, mutaxassis Kievning “Dinamo” klubidan tashqari, Ukraina Premer-ligasidagi boshqa jamoalardan ham takliflarni ko'rib chiqishga tayyorligini aytdi.
“Aniq taklif bo'lsa, uni ko'rib chiqaman. Ukrainadagi vaziyatdan qo'rqmayman. Oilam o'sha yerda – rafiqam, qizlarim, kuyovim va nabiralarim. Aniq taklif tushishi bilan chipta olib, Ukrainaga uchaman”, – dedi Shackix.
Ma'lumot uchun, Maksim Shackix 2025 yilning noyabr oyida “Aziya” bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Uning qo'l ostida jamoa Qirg'iziston Premer-ligasidagi debyut mavsumini 30 o'yinda 61 ochko to'plab, to'rtinchi o'rinda yakunladi.
Shackix bunga qadar O'zbekistonda “Paxtakor” va “Andijon” klublarini boshqargan. U “Paxtakor” bilan ikki marta mamlakat chempioni bo'lgan.



