

Bu haqda “Jamaica Gleaner” nashriga Yamayka futbol federatsiyasi prezidenti Maykl Rikketts ma'lum qildi.
Uning takidlashicha, AQSH futbol federatsiyasining xavfsizlik bilan bog'liq sabablarga ko'ra musobaqadan chiqish qarori Yamayka tomonida ham xavotir uyg'otgan.
“Agar AQSHdek qudratli davlat xavfsizlik sabablariga ko'ra musobaqadan voz kechishni maqul ko'rgan bo'lsa, bu bizda ham xavotir uyg'otishi tabiiy.
FIFA bilan ushbu masalani muhokama qilishimiz va ularning musobaqada ishtirok etishimiz yuzasidan fikrini bilishimiz kerak. Biz xavotirdamiz va keyingi qarorimizni jiddiy o'ylab qabul qilishimiz shart”, – dedi Rikketts.
Federatsiya rahbarining ma'lum qilishicha, Yamayka U-17 terma jamoasi 14 noyabr kuni Qatarga yo'l olishi rejalashtirilgan. Shu bois FIFA bilan muzokaralar qisqa muddatda o'tkazilishi kerak.
Shuningdek, Yamayka futbol federatsiyasi boshqa mamlakatlar ham AQSH kabi musobaqadan voz kechish-kechmasligini kuzatib boradi.
Eslatib o'tamiz, AQSH U-17 terma jamoasi mintaqadagi xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlar tufayli jahon chempionatida ishtirok etmasligini e'lon qilgan. FIFA esa xavfsizlik bo'yicha baholari o'zgarmaganini bildirgan.
Yamayka terma jamoasi O'zbekiston, Italiya va Kot-d’Ivuar bilan birgalikda “E” guruhidan o'rin olgan.
Hozircha Yamaykaning musobaqadan chiqishi haqida qaror qabul qilinmagan.
U-17 Jahon chempionati 19 noyabrdan 13 dekabrga qadar Qatarda o'tkazilishi rejalashtirilgan.



