

- Bugungi g'alabani juda kutgandik. Qanchalik kutganimizni bilsangiz edi! Avvalo, barcha muxlislarimizni ushbu g'alaba bilan tabriklayman. Bugun futbolchilarimiz ham, murabbiylar shtabi ham o'zlarining irodasini, g'alabaga bo'lgan ishonchini namoyon etishdi. Belgilangan vazifalarni rejadagidek bajarishdi. Bu bilan to'xtab qolmaymiz, oldimizda hali muhim uchrashuvlar bor. "Bunyodkor" jamoasiga ham omad tilayman. Bugun ular ham juda yaxshi o'ynashdi. Biz bu uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. Bugungi mehnatlari uchun futbolchilarimizga va murabbiylar shtabiga katta rahmat aytaman. Shuningdek, viloyat hokimimizga hamda viloyatimizdan kelib, bizni qo'llab-quvvatlagan rahbarlarga minnatdorchilik bildiraman. Oldimizda yana muhim uchrashuvlar turibdi. Bu g'alaba bizga juda kerak edi. Endi uydagi o'yinlarga tayyorgarlik ko'ramiz.
- G'alaba bilan tabriklayman. Bugungi o'yinga terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham tashrif buyurdi. "Xorazm" tarkibida terma jamoa futbolchisi ham bor edi. Undan tashqari yana qaysi futbolchilaringizni terma jamoa darajasidagi o'yinchilar deb hisoblaysiz?
- To'g'ri, bunday gaplarni aytish oson emas. Men hozir birinchi navbatda darvozabonimizni aytgan bo'lardim. Ko'rib turibsizlar, oxirgi o'yinlarda darvozabonimiz juda yaxshi harakat qilyapti. Qolgan futbolchilarimiz ham yaxshi o'ynashga, o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishyapti. Terma jamoaga kimni chaqirishni esa bosh murabbiy Kannavaroning o'zi hal qiladi. Bugun barcha futbolchilarimiz bor kuchini berib o'ynashdi. Kelajakda, xudo xohlasa, ulardan ham bir-ikkitasi terma jamoaga chaqirilishi mumkin. Har bir futbolchining niyati - milliy terma jamoada o'ynash. Men ham futbolchilarimiz orasidan yana bir-ikkitasi terma jamoaga jalb etilishiga umid qilaman.
- "Paxtakor", "Neftchi" va "Navbahor"ga qarshi o'yinlarda jamoangiz juda raqobatbardosh futbol namoyish etdi. Faqat biroz omad yetishmadi. Bugungi uchrashuvda esa "Bunyodkor"ga jamoaning qanot himoyachilari gol urdi. Avvalgi o'yinda ham "Bunyodkor"ga "Mashal"ning qanot himoyachisi gol urgandi. Bugun esa "Xorazm"ning ikki qanot futbolchisi - o'ng qanotda Ne'matov va chap qanotdagi sherigi gol urdi. Raqibni shunchalik batafsil o'rganib, aynan qanotlardan oldinga qo'shilish va zarba berish holatlarini rejalashtirganmidingiz?
- Biz har bir jamoaning o'yinlarini kuzatib boramiz. Masalan, "Bunyodkor"ning "Mashal" va undan oldingi "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvlarini ham tahlil qildik. Shu asosda taktik rejalarimizni ishlab chiqdik. Futbolchilarimiz murabbiylar shtabi tomonidan berilgan ko'rsatmalarni juda yaxshi bajarishdi. Buning uchun ularning barchasiga katta rahmat aytaman. Tayyorgarlik jarayonida ishlab chiqqan rejalarimiz bugun o'z samarasini berdi.
- Demak, bu tasodif emas?
- Yo'q, bu tasodif emas. Buning ustida mashg'ulotlarda muntazam ishlaymiz. Standart vaziyatlar va boshqa taktik harakatlarni ham tayyorlaymiz. Har bir raqibning o'ziga xos o'yin uslubi bor. Biz murabbiylar shtabi bilan yig'ilib, raqibning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilamiz. Shundan kelib chiqib, qanday taktika qo'llash va raqibga qarshi qanday o'ynashni rejalashtiramiz. Bugun ham o'z rejamiz asosida harakat qildik. Ko'rib turibsizlar, g'alaba qozonish juda qiyin bo'ldi. "Bunyodkor" ham yaxshi jamoa. Yangi bosh murabbiy kelganidan keyin jamoa yanada kuchaydi va raqiblar uchun jiddiy to'siq bo'lmoqda. Superligada har bir uchrashuv va har bir ochko uchun katta raqobat ketyapti. Safarda g'alaba qozonish oson emas. Bugungi o'yin ham buni yana bir bor ko'rsatdi. O'z maydonimizda "Paxtakor"ga qarshi o'yinda ham shunday qiyinchiliklarga duch kelgandik. Oldinda ham oson uchrashuvlar bo'lmaydi. Ammo biz to'xtab qolmaymiz. "Xorazm"ni Superligada olib qolish va jamoani yanada yuksaltirish uchun kurashyapmiz. Oldimizda katta rejalar bor.

- "Bunyodkor" aslida juda kuchli jamoa. Ularning ko'plab o'yinlarini kuzataman. Nazarimda, ko'p uchrashuvlarda durangga munosib o'ynashadi, ammo bitta gol farqi bilan mag'lub bo'lishadi. Bugun ikkinchi taymda ustunlik "Bunyodkor" tomonida bo'lgandek tuyuldi. Ularning jismoniy holati ham siznikiga qaraganda yaxshiroq ko'rindi. Masalan, Tavaresh charchadi, Loxanni almashtirdingiz, Sabino ham ancha toliqqan edi. "Paxtakor" bilan o'yindagi qo'shimcha 30 daqiqa ham bugungi holatga ta’sir qildimi?
- Ha, albatta, ta’siri bor. Ko'rib turibsizlar, futbolchilarimizda ham o'yindan oldin ayrim jarohatlar va jismoniy muammolar bor edi. Ammo boshqa ilojimiz yo'q. Biz o'zimizga ham, futbolchilarga ham bir narsani uqtiryapmiz: ortga yo'l yo'q, yo'qotadigan narsamiz ham yo'q. Faqat oldinga intilishimiz va g'alaba uchun o'ynashimiz kerak. Futbolchilarimiz jarohatlariga qaramay, bugun bor kuchlarini berishdi. Ko'rdingizlar, bir vaqtning o'zida ikki-uch futbolchida muammo kuzatildi. Ayrimlarining son orqa qismi mushaklari tortildi, yana bir futbolchining boshi aylandi. Bu holatlar o'yinning oxirgi qismida jamoamizga biroz xalaqit berdi, deb o'ylayman. Shunga qaramay, yigitlar bugun bor kuchlari bilan o'ynashdi. Ularning barchasiga katta rahmat!
- "Xorazm" juda qiyin vaziyatda edi va bugun olti ochkolik o'yinda g'alaba qozondi. Adashmasam, oldinda yana uchta tur bor. Jamoaning Superligada qolish uchun imkoniyatlari va resurslari etarli, deb hisoblaysizmi?
- Hali hech narsa yo'qotilgani yo'q. Ko'rib turibsizlar, jamoamiz har bir o'yinda g'alaba uchun kurashyapti. Oldimizda yana uchta uchrashuv bor. Xudo xohlasa, bugungi g'alaba bizga juda kerak edi. Eng muhimi, g'alaba qozona olmayotgan edik. "Neftchi" bilan ikki marta durang o'ynadik, o'z maydonimizda ham omad yetishmadi. "Paxtakor"ga qarshi o'yinda ham futbolchilarimiz katta kurash olib borishdi. Yigitlarga gap yo'q, ular juda yaxshi o'ynashyapti. Biz ham, murabbiylar shtabi ham futbolchilarni tayyorlash va ularga kerakli ko'rsatmalarni berish uchun qo'limizdan kelganini qilyapmiz. Albatta, futbolda omadning ham o'rni bor. Bugun, xudoga shukr, eng kerakli g'alabani qo'lga kiritdik. Endi to'xtab qolmaymiz. Oldinda yana uchta uchrashuv bor. Nasib qilsa, barchasiga jiddiy tayyorgarlik ko'rib, g'alaba uchun harakat qilamiz.
- Agar jamoani Superligada olib qolsangiz, rahbariyat sizni bosh murabbiy sifatida ishda qoldiradimi?
- Hozircha bu savolga javob bera olmayman. Avvalo, jamoamizni Superligada olib qolishimiz kerak. Buni Xudodan so'raymiz, nasib qilsa, maqsadimizga erishamiz. Qolganini vaqt ko'rsatadi. Mening bu yilgi vazifam - jamoani Superligada saqlab qolish. Ko'rib turibsizlar, 12 yildan beri bu yerda ishlamagan edim. Endi qaytib keldim, rahbariyat menga ishonch bildirdi. Xudo xohlasa, "Xorazm" xalqi, muxlislari, viloyat hokimi va rahbariyatining ishonchini oqlaymiz. Barchaga rahmat!



