"Superligada "Paxtakor"ga muxlislik qilaman, ma'lum vaqt" ko'zdan qochib" qolgandim - Marlen Chobanov bilan intervyu

Iskandarov Abdulaziz
23 apr 2026, 19:15
Iroq chempionatida o'zbekistonlik legionerlar yorqin o'yinlari bilan e'tibor qozonmoqda.

Ulardan biri "Paxtakor", "Turon", "Sho'rtan" sobiq himoyachisi Marlen Chobanovdir. "Arbil"ning asosiy futbolchisiga aylanib borayotgan qahramonimiz bilan Iroq chempionati va boshqa mavzularda suhbatlashdik.

- Marlen, so'nggi paytlarda futbol jamoatchiligi sizni kamroq kuzatdi. Faoliyatingizdagi bu tanaffus va keyingi tiklanish jarayonida nima asosiy omil bo'ldi?

​- Ha, haqiqatan ham ma'lum muddat" ko'zdan yo'qolib qolgandek" bo'lganman. Men yaxshi klubda o'ynash uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qildim, biroq bunga to'sqinlik qilgan bir qator omillar bo'ldi. Har bir sportchida jarohatlar uchrab turadi - bu normal holat. Muhimi, bu sinovlarni munosib engib o'tib, oldinga qarab intilishda davom etishdir.

​- Iroq chempionatiga ko'nikish jarayoni qanday kechdi? Bu yerda siz uchun eng oson va qiyin kechgan jihatlar nimada bo'ldi?

​- Iroqqa kelganimdan bir hafta o'tmay, rasmiy o'yinda maydonga tushdim. Shu bois, moslashish jarayoni ancha tez va yaxshi kechdi.

​- Iroq chempionatining o'ziga xos jihatlari haqida nima deya olasiz? Uning eng kuchli tomonlari nimada?

​- Menimcha, bu jismoniy jihatdan ancha baquvvat chempionat. Bu yerda o'yin davomida juda ko'p yakkakurashlar kuzatiladi.

​- Otangiz Burgandin Chobanov "Traktor" jamoasidagi faoliyati bilan futbol muxlislariga yaxshi tanish. U kishi o'yinlaringizni qanday qabul qiladi va eng ko'p nimalarni tanqid qiladi?

​- Ha, otam bilan har bir o'yindan keyin tahlil qilamiz. U kishi menga xatolarimni ko'rsatib boradi. Tanqidlar esa turlicha bo'ladi.

​- Faoliyatingiz davomida ko'plab taniqli futbolchilar bilan elkama-elka to'p tepdingiz. Ular orasida qaysi birini eng kuchli sherik sifatida ajratib ko'rsata olasiz?

​- Alohida bir kimni ajratib ko'rsatishni istamasdim, chunki birga o'ynagan kuchli futbolchilarim ko'p bo'lgan. Ulardan Abbos Fayzullaev, Dragan Cheran va Anzur Ismoilovni eslab o'tishim mumkin.

IMG_0496.JPG

​- Iroq futbolidagi hakamlik saviyasiga qanday baho berasiz?

​- Hakamlik yomon emas, o'rta darajada.

​- O'zbekiston Superligasini kuzatib boryapsizmi? Joriy mavsumda qaysi jamoaning o'yini sizni ajablantirdi va chempionlikka kimlarni asosiy da'vogar deb bilasiz?

​- Superliga uchrashuvlarini doimo kuzatib boraman. Mavsum boshida "Neftchi" o'z o'yini bilan barchani hayratda qoldirdi - jamoa o'yinlarni juda oson va ishonchli tarzda yutdi. Men esa "Paxtakor"ga muxlislik qilaman - bu bolaligimdan sevib keladigan klubim. Umid qilamanki, bu yil chempionlikni ular qo'lga kiritadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: