

"Ar-Riyoziya" nashrining xabar berishicha, bosh murabbiy Georgios Donis "Al Ahli" hujumchisini O'zbekistonga qarshi bahs qaydnomasiga kiritishni rejalashtirmoqda.
Al Buraykan shamollash sababli Saudiya Arabistoni terma jamoasining dastlabki mashg'ulotlarini o'tkazib yuborgan va 13 noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida (3:2) ishtirok etmagan edi. Keyinchalik futbolchi jamoaviy mashg'ulotlarga qaytgan.
"Ar-Riyoziya" ma'lumotiga ko'ra, Donis hujumchini asosiy tarkibda tushirish yoki zaxirada qoldirish borasida hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Bu masala o'yin oldidan o'tkaziladigan texnik yig'ilishda hal etiladi.
Shuningdek, al-Buraykan O'zbekistonga qarshi uchrashuvdan keyin Osiyo futbol konfederatsiyasining yilning eng yaxshi futbolchisi sovrinini topshirish marosimida qatnashish uchun Bangkokka yo'l olishi rejalashtirilgan.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi 17 noyabr kuni Dohada bo'lib o'tadi.



