Samandar Meliboev: "Biz uchun guruh bosqichida ishtirok etish ham katta natija"

17 may 2026, 00:35
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "Nasaf" - "Havoqand" (6:1) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Havoqand" bosh murabbiyi Samandar Meliboev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- "Nasaf"dek kuchli jamoaga qarshi bahs olib bordik. O'zbekiston Kubogida ishtirokni saralash bosqichidan boshladik va shu ergacha yetib keldik. Biz uchun Kubokning guruh bahslarida ishtirok etish katta yutuq deb o'ylayman. "Havoqand" - yangi jamoa, tarkibimizda yoshlar ko'p. Mehnat qilib kelajakda yaxshi futbolchilarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz. "Nasaf" - O'zbekistondagi eng kuchli jamoalardan biri, o'yin uslubi o'zimga ham yoqadi. Ko'p yillardan beri bir murabbiy boshqaryapti va yaxshi tizim yo'lga qo'yilgan. Klubning futbol maktabi ham yaxshi ishlaydi.

- Jamoangiz oldiga qanday vazifa qo'yilgan?
- Uch yil Ikkinchi ligada o'ynab, bu mavsum Birinchi ligaga chiqdik. Birinchi navbatda o'yinni yaxshi shakllantirishimiz kerak. Kelajakda ham katta niyatlarimiz bor. Proligaga chiqishni xohlaymiz va sekin-asta shunga harakat qilamiz. Barqarorlikni yo'qotmaslikka harakat qilamiz.

- Tarkibdagi yigitlar asosan qaysi futbol maktablardan kelgan?
- 60-70 foiz o'yinchilar o'zimizning yigitlar. O'tgan yil Ikkinchi ligada va havaskor jamoalarda o'ynagan futbolchilar ham bor. Hozircha shu orqali selekciya qildik. Mahalliy yoshlar bizda o'ynayapti.

- "Havoqand" xususiymi yoki biron bir tashkilotga biriktirilganmi?
- Jamoamiz xususiy. "Havoqand" firmasi bor, bizga homiylik qiladi. Qo'qonda yana "Benazir" firmamiz bor, ular ham yordam beryapti. Xususiy klublarni shakllantirish rejasiga ko'ra klubni tashkil etganmiz.

- Darvozaboningiz 6ta gol o'tkazib ham yaxshi taassurot qoldirdi, 4-5ta chiroyli seyvni amalga oshirdi.
- Darvozabon ham o'zimizning mahalliy yigit. Men ham uni yaxshi turdi deb o'ylayman. To'pga chiqishda kamchilik bor, Xudo xohlasa buni to'g'rilaymiz. 25 yildan beri futboldaman va hammamiz futbolni yaxshi ko'ramiz. Men ham yaxshi o'yinchilarni tarbiyalab berishga harakat qilyapman.

- "Havoqand" necha daqiqa maksimal o'yin ko'rsata oldi deb o'ylaysiz?
- O'yin tomonlama "Nasaf"ga teng emasligimizni bilardik. Tezkor gol rejalarimizni o'zgartirib yubordi. Standartlarga e'tibor berishni maqsad qilgandik. 20-25 daqiqa nimadir qila oldik, keyin esa kuchimiz yetmadi. Baribir tarkibimizning ko'pchiligi yarim proofessional va havaskorlardan iborat. Bu ham bilindi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia